Samarqandda jamoat transporti haydovchilari uchun kunlik tushum “plani” bekor qilinadi

Saqlash
16:34 / 18.12.2023 1254 0

Samarqandda jamoat transporti haydovchilaridan 2024-yil 1-yanvardan boshlab kunlik tushum talab qilinmaydi, deb xabar bermoqda Zarnews.

 

Viloyat transport boshqarmasi boʻlim boshligʻi Mahmud Uzoqovning soʻzlariga koʻra, “Samarqand shahrining yangi aglomeratsiyasi boʻyicha ishlab chiqilgan transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasi va uni amalga oshirish boʻyicha manzilli dastur” asosida takrorlanuvchi yoʻnalishlarga barham berish maqsadida yangi yoʻnalishlar tarmogʻi shakllantirilgan.

 

2024-yil 1-yanvardan boshlab avtobus haydovchilaridan kunlik tushum talab qilinmaydi. Chunki barcha jamoat transportlari brutto-shartnoma asosida ishlash tizimiga oʻtadi. Yaʼni bosib oʻtilgan masofa va yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatilgani uchun toʻlov tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi huzurida brutto-shartnomaga oʻtgan tashuvchilar tomonidan yoʻnalish koʻrsatkichlari bajarilishini monitoring qiluvchi va baholovchi tizim joriy etildi. Oʻnta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi yoʻnalishlarni bosqichma-bosqich brutto-shartnomaga oʻtkazish grafigi ishlab chiqildi.

 

Shunga koʻra, yangi tashkil etilgan “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” markazi mazkur yoʻnalishlarni monitoring qilish, ish hajmini aniqlab, baholash, yoʻlkiralar va xizmatlar sifatini nazorat qilib boradi.

 

Bunda harakat tarkibi, ish jadvaliga toʻliq amal qilish, oraliq intervalga amal qilinishi, yoʻnalish chizmasi asosida harakatlanishi, ortiqcha toʻxtalishlarsiz xizmat koʻrsatish kabi holatlar nazoratga olinadi. Shuningdek, markaz tavsiyasi asosida yoʻlovchi tashuvchi korxonalarga jarima ballari yoki ragʻbatlantirish choralari koʻrib boriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//