Jamiyat
14-dekabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda kichik yoshdagi bolaning bogʻchaga yuzi va koʻzlari jarohatlangan holda kelgani va uni otasi kaltaklaganini aytib bergani tasvirlangan video tarqaldi.
Bolalar ombudsmani oʻsha kuni holat nazoratga olinganini bildirdi. Dastlabki maʼlumotga koʻra, mazkur zoʻravonlik fakti Samarqand viloyati Urgut tumanida yuz berganini maʼlum qildi.
Oradan ikki kun oʻtib aniqlanishicha, tumanning “Yuqori qalangar” mahallasidagi 2017-yilda tugʻilgan A.A. yuz-koʻzidagi jarohati tufayli 30-oktabr kuni tuman markaziy shifoxonasiga otasi A.X. tomonidan olib kelingan.
Urgut tuman IIB olib borgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida bolaning olgan jarohati yuzasidan 3-noyabr kuni sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Unga koʻra, bolaga jarohat oʻtmas qattiq jismlar taʼsirida yetkazilgani xulosa qilingan.
Tergovga qadar tekshiruv natijasida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli 25-noyabr kuni Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qoʻzgʻatishdan rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Holat Bolalar ombudsmani va Bosh prokuratura nazoratiga olinganidan soʻng jinoyat ishi qoʻzgʻatishdan rad etish toʻgʻrisida qaror tuman prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida oʻrganilib, 12-dekabr kuni bekor qilingan va qoʻshimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun tuman IIB huzuridagi tergov boʻlimiga yuborilgan.
Qoʻshimcha tergovga qadar tekshiruv davomida bola psixolog tomonidan pedagog ishtirokida (videoyozuvda qayd qilingan holda) suhbat qilinganda u 29-oktyabr kuni otasining uyi yaqinidagi savdo doʻkoni oldida amakisiga tegishli boʻlgan qora mollarning orqasidan yugurib, asfalt qoplamasiga yiqilgani, burni qonab, yuzi shilinganini bayon qilgan.
Shuningdek, uni yiqilganini guvohi boʻlgan doʻkon sotuvchisi L.S. oʻz tushuntirishida bolaning haqiqatdan ham chorva mollarni orqasidan yugurishi oqibatida yuzi bilan yerga yiqilib tushganini koʻrgani va jarohat yiqilish sababli boʻlganini tasdiqlagan.
Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur holat yuzasidan nazoratni davom ettirishini qayd etdi. Videoyozuv bilan ombudsman tanishgan, lekin bola manfaati yuzasidan u ommaviy eʼlon qilinmagan.
“Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani nizo jarayonidagi ayrim ota-onalar ularning oʻzaro ziddiyatli munosabatlaridan birinchi navbatda oʻz farzandlari jabr koʻrayotganiga eʼtibor qaratishlari va bunga yoʻl qoʻymasliklarini soʻraydi”, — deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q