Jamiyat
Andijon viloyati Shahrixon tumanida yuklar ustini yopish uchun bayroqdan foydalangan haydovchi jarimaga tortildi, deya xabar bermoqda “Daryo”.
Noyabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Labo avtomashina haydovchisi yukxonaga ortilgan yuklar ustini toʻsish uchun bayroqdan (yopqich sifatida) foydalangani tasvirlangan foto tarqalgan.
Viloyat YHXB tomonidan ushbu avtomashina Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga tegishli ekani aniqlangan. Oradan vaqt oʻtib, 14-dekabr kuni Andijon viloyati IIBB axborot xizmati unga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Shahrixon tuman sudi tomonidan qonuniy chora koʻrilganini bildirdi.
Unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 203−1-moddasi (Davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1 million 20 ming soʻm) miqdorida jarima qoʻllandi.
Qanday holatlar davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi?
Iyul oyida prezident tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan quyidagi holatlar bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish hisoblanadi:
bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanish;
stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshash yoki tasvirlash;
kiyim-kechak, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastroʻmol, koʻrpa-toʻshak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish.
Hujjat bilan davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun masʼuliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q