Andijon hokimining suvchilarga tarqatgan mukofot puli homiylik mablagʻlari ekani maʼlum boʻldi

Saqlash
21:36 / 14.12.2023 1877 0

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning suvchilarga 4 million soʻmdan mukofot pullari bergani aks etgan video tarqalgach, koʻpchilikning eʼtirofi, eʼtirozi va muhokamasiga sabab boʻldi. Ayrimlar pul manbasi bilan ham qiziqdi.

 

Shuhrat Abdurahmonovning matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimov “Daryo”ga bergan izohida mukofot pullarining manbasiga aniqlik kiritdi.

 

“Bu pullar ishchilarning maoshidan tashqari, qoʻshimcha mukofot pullari boʻlib, homiylik mablagʻlari hisoblanadi. Shu sabab bundan nafaqat ishchilar, oʻsha yerda turganlarning barchasi xursand boʻlib ketdi. Viloyat hokimi ishchilarning sovuqda ishlayotganini koʻrib, ularni ragʻbatlantirdi. Ularning maoshi qoʻshimcha tarzda plastik kartochkasiga tushaveradi, bu pullar oylik maoshidan ushlab qolinmaydi, — deydi viloyat hokimining matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimov.

 

Masʼulning bildirishicha, Shuhrat Abdurahmonov suvchilarni mukofotlashdan tashqari, ularning ishiga kerak boʻluvchi texnikalari va maxsus kiyim-kechaklarini yaxshilash boʻyicha ham rahbarlarga topshiriq bergan.

 

Viloyat hokimi oʻsha yerning oʻzida ishchilarning kiyim-kechagi, ish qurollarini yangilash va ularning moliyaviy manbasi haqida aytib, rahbarlarga topshiriq berdi. Shuningdek, suvchilarga Yangi yil bayrami oldidan qoʻshimcha eʼtibor boʻlishini, yordam berilishini aytdi, — deydi Abdurahmonovning matbuot kotibi.

 

Aniqlanishicha, Shuhrat Abdurahmonov koʻchada ishlayotgan suvchilarni koʻrgach, 64 million soʻm naqd pulni olib, 16 nafar suvchiga 4 million soʻmdan tarqatib bergan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//