Qashqadaryoda 4 ta qor qoploni video-qopqonga tushdi

Saqlash
15:17 / 14.12.2023 934 0

Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Hisor” davlat qoʻriqxonasiga oʻrnatilgan foto-qopqonga noyob koʻchib yuruvchi hayvonlar muhrlandi.

 

Qoʻriqxonaning 40 yillik tarixida birinchi marta qor qoplonlarining toʻdasi tasvirga olindi. Bungacha ular 1−2 tadan uchragan. Qoʻriqxona hududlarida oʻtkazilgan kuzgi monitoring natijalariga koʻra noyob qor qoplonlarining 50−52 boshi yashayotganligi aniqlangan.

 

Qayd etilishicha, ularning bunday katta toʻdasi ilk bora Xitoyda uchragan. Yer yuzidagi 12 ta davlatda uchraydigan qor qoplonlari atigi 4500 tani tashkil etadi.

 

Qor qoploni, qor leopardi yoki ilvirs — mahalliy darajada keng tarqalgan va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan kichik tur sifatida TMXI Qizil roʻyxati va Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 11-dekabridan “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish toʻgʻrisidagi qonunga kiritilgan oʻzgartirishlar kuchga kirdi, unga koʻra qor qoplonlarini noqonuniy ovlash BHMning 3000 barobari (1 milliard 20 million soʻm) miqdorida jarimaga sabab boʻladi.

 

Qor qoplon tasviri Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining asosiy kirish eshigi va milliy banknotda tasvirlangan. Shuningdek, mushuksimonlar oilasining qudratli vakili 2024-yilning 12–17-fevral kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan CMS COP14 — Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi ramzi sifatida ham tanlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//