Xonadonda elektr uskunalaridan ortiqcha foydalanganda avtomatik tarzda oʻchirib qoʻyish amaliyoti vaqtincha toʻxtatildi

Saqlash
17:24 / 13.12.2023 1138 0

Ijtimoiy tarmoqlarda soatiga 4,5 kilovatt soatdan ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan xonadon elektr taʼminotidan uzilishi haqida xabarlar eʼlon qilinyapti. Energetika vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan Qoidalarning 63-4-bandiga asosan, isteʼmol qilinadigan elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida maishiy isteʼmolchilarning elektr energiyasi isteʼmoli yuklama orqali chegaralanishi, bunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida isteʼmolchilarga ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan qurilmalarning minimal quvvatidan va joylashgan hududidan kelib chiqib, hisoblagich orqali 10–15 kVt quvvat doirasida cheklov kiritilishi koʻzda tutilgan.

 

“Demak, soatiga 4,5 kilovatt soat degan gap shu bandning notoʻgʻri talqini boʻlmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu amaliyot isteʼmol yuqori boʻlgan joylarda qoʻllaniladi va isteʼmolchi ortiqcha uskunalarni oʻchirib, kuchlanishni belgilangan meʼyordan kamaytirsa, hisoblagich uzogʻi bilan 15 daqiqa ichida avtomatik ravishda yonadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

 

Biroq havo haroratining sovuq kunlarida isteʼmolchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bu norma vaqtincha bekor qilingan. Yaʼni, xonadon egasi elektr energiyasidan belgilangan meʼyordan ortiqcha foydalanganda, hisoblagich avtomatik tarzda oʻchirib qoʻyilmaydi.

 

“Hurmatli isteʼmolchilar, keraksiz, ortiqcha elektr uskunalardan imkon qadar foydalanmasliklaringizni, elektr energiyasini tejashlaringizni va behuda yonib yotgan quvvatlarni oʻchirib qoʻyishlaringizni soʻraymiz.

 

Yodda tuting: agar xonadoningizda elektr toki ortiqcha yuklama bilan oʻchgan boʻlsa, yuklamani kamaytirganingizdan soʻng elektr taʼminoti 10–15 daqiqa orasida avtomatik ravishda tiklanadi”, — deyiladi xabarda.

 

Vazirlikning qoʻshimcha qilishicha, 15 kVt soat elektr energiyasi sarflash uchun bir vaqtning oʻzida bir soat davomida 6 ta muzlatkich, oʻrtacha 1,5 kVt quvvatli 3 ta konditsioner va 3 ta elektr pechi yoniq turishi kerak.

 

3 ta televizor hamda 20 ta lampochkaning isteʼmol hajmi, nari borsa, 1,5-2 kVt soat boʻlishi mumkin xolos. Shundan kelib chiqib, 98 foiz aholining xavotir olishiga mutlaqo oʻrin yoʻqligi aytildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//