“Ular davlatning funksiyasini oʻziga oldi”. IIBB vakili “koʻcha bolalari”ning jinoyatlari haqida

Saqlash
16:43 / 13.12.2023 986 0

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Doniyor Toshxoʻjayev 12-dekabr kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida “koʻcha bolalari” va jinoiy guruhlar vakillari qanday qilib tovlamachilikni amalga oshirgani haqida gapirdi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, reydlar davomida ushlanganlar qarzdor fuqarolardan qoʻrqitish yoʻli orqali qoʻshimcha pul undirishgan. Shuningdek, bir necha katta-katta korxonalardan ulush olib yurganlari haqida maʼlumotlar ham bor.

 

“Deylik, siz yaxshi faoliyat yuritayotgan, koʻzga tushgan tadbirkorsiz. Siz oʻrganilasiz, nozik joyingiz topiladi. Qoʻpol qilib aytganda, ikkinchi ayolingiz yoki boshqa qandaydir zaif tomoningiz bordir, balki. Shu bilan sizni chaqirib, siquvga olishadi. Shuncha daromad topar ekansan, menga shuncha pul berasan, bermasang, ertaga seni u qilaman, bu qilaman deb qoʻrqitishadi. Pulni bermasangiz, yana chaqiradi, atrofidagi sportsmenlar bilan urib, doʻpposlaydi va bu oxirgi ogohlantirish ekanini aytadi. Tadbirkor esa tinchlik kerak deb, soʻragan pulini olib kelib beradi. Ular bir necha katta-katta korxonalardan ulush olib yurganlari haqida maʼlumotlar ham bor. [Ular ustida] ishlayapmiz”, — degan Doniyor Toshxoʻjayev.

 

Poytaxt IIBB vakili aslida boshqarma xodimlari shugʻullanishi kerak boʻlgan ishlarni ular oʻziga olgani, yaʼni davlatning funksiyasini oʻzlariga olib olishganini taʼkidladi.

 

“Keyin, qarzdorlik masalasi. Aytaylik, bir fuqaro tadbirkorlik qilaman deb boshqa fuqarodan 1 mln dollar qarz boʻlib qolgan. [Lekin] oʻziga yarasha ishi oʻxshamay qolgan. Bular davlatni funksiyasini oʻziga olyapti-da, arz qilishganidan keyin qarzdor odamni chaqiryapti-da, “mana senga ikki oy vaqt, pulni 1 mln emas, 1 mln 200 ming qilib olib kelasan, boʻlmasa, u-bu boʻladi”, deb kuch ishlatib, qoʻrqitishyapti. Bir tadbirkorni qulogʻi ostiga urib, quloq pardasini yorib, shu ishga majburlagan. Shunday metodlarni ishlatishgan”, — dedi u.

 

“Biz bunday urib emas, qonuniy olib berolamiz, vaqt choʻziladi, shuning uchun odamlar ularga ishonishyapti. Ularniki tez bitadi-da”, — deya qoʻshimcha qildi u.

 

Avvalroq Doniyor Toshxoʻjayev boshqarmada jinoiy faoliyatda gumon qilinib, qoʻlga olingan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun yetarli dalillar mavjudligini aytgandi. U qoʻlga olingan shaxslardan jabrlangan fuqarolarni “qoʻrqmaslikka” va ariza berishga chaqirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//