Farg‘onada aholiga imtiyozli narxda sotilishi kerak bo‘lgan 774 mln so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingan

Saqlash
14:54 / 13.12.2023 918 0

Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

 

Ma’lum qilinishicha, departamentning Rishton tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “Ko‘mir taʼminot” MCHJning Oltiariq ko‘mir ombori mudiri M.I. Rishton tumanidan ko‘mir omboriga biriktirilgan jamoatchi vakil S.E. va boshqalar o‘zraro til biriktirib, kuz-qish mavsumida tuman aholisiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 774,1 million so‘mlik 2 578 tonna ko‘mirni soxta hujjatlar rasmiylashtirish yo‘li bilan boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborgani aniqlangan.

 

Bundan tashqari, departamentning Mirzacho‘l tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir taʼminot” MCHJning “Do‘stlik” ko‘mir ombori masʼul shaxslari va boshqalar 351 tonna ko‘mirni aholiga imtiyozli narxlarda sotilgani to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirgani ham aniqlangan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//