Barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi

Saqlash
14:45 / 13.12.2023 1338 0

O‘zbekistonda barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tkaziladi. Bu haqda 12-dekabr kuni qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi yuzasidan Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

 

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, videoselektor yig‘ilishida qishga tayyorgarlik bo‘yicha vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

 

Maʼlumki, o‘tgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi. Qo‘shimcha energetika quvvatlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Davlat rahbari bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligini taʼkidladi.

 

Yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar ham muhokama qilingan.

 

“Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida eʼtibor qaratdi. Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovishi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko‘p o‘chayotgani maʼlum qilingan”, — deb qayd etilgan xabarda.

 

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor taʼkidlab o‘tdi. Elektr tarmoqlari va gaz taʼminoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tun-u kun ishlashini taʼminlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan obyektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.

 

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi. 12-dekabrdan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tishi belgilandi.

 

Yig‘ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

 

Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini taʼminlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhimligi taʼkidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

 

Yig‘ilishda qishga tayyorgarlik bo‘yicha hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//