Jahon banki Oʻzbekistonga 800 mln AQSh dollari miqdorida moliyaviy yordam ajratadi

Saqlash
20:15 / 09.12.2023 1931 0

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonda rivojlanish siyosatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha operatsiyani maʼqulladi. Bu haqda bank matbuot xizmatiga tayanib, “Spot” xabar bermoqda.

 

Operatsiya doirasida hukumatga ijtimoiy, iqtisodiy va iqlim oʻzgarishi sohalaridagi ishlarning yangi bosqichini amalga oshirishga moliyaviy yordam koʻrsatiladi.

 

Bundan maqsad mamlakatning bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonini tezlashtirish, fuqarolarga teng iqtisodiy imkoniyatlarni taʼminlash va milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga zamin yaratishdan iborat.

 

Oʻzbekistonda bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonini tezroq yakunlash chora-tadbirlari mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi maqsadlarga erishishga yordam berishi qayd etilgan.

 

“Jahon bankining yangi operatsiyasi hukumat kun tartibidagi asosiy ustuvor vazifalar, jumladan, qishloq xoʻjaligi, temir yoʻl, kimyo sanoati va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat nazoratini kamaytirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan”, — dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

 

Uning soʻzlariga koʻra, chora-tadbirlar xususiy sektorning yuqoridagi tarmoqlarini rivojlantirishda faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi. Operatsiya aholining ayrim qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga hamda iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga yordam beradi.

 

Operatsiya doirasida Jahon banki hukumatga 800 mln AQSh dollari miqdorida moliyaviy yordam beradi. Mablagʻlar maxsus imtiyozli shartlar asosida, kreditlar shaklida ajratiladi.

 

Bundan tashqari, xalqaro moliya bozorlarida hozirgi kunda mavjud boʻlgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkasida va uzoqroq muddatga taqdim etiladi. Natijada Oʻzbekiston uchun kredit mablagʻlarini toʻlash xarajatlari sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda.

 

Bundan tashqari, bu mamlakatga muhim moliyaviy resurslarni tejash imkonini berib, bu mablagʻlardan ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalanish mumkin.

 

Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy resurslar iqtisodiyotning quyidagi tarmoqlarida islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan:

 

Energetika: energetika bozorining mustaqil regulyatorini yaratish va energiya tariflarini isloh qilish. Tarmoq faoliyatini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatni ragʻbatlantirish va xususiy sektor ishtirokini taʼminlashdan iborat.

 

Temir yoʻl sohasi: yoʻlovchi va yuk tashish narxlarini shakllantirish tizimini modernizatsiya qilish, raqobatni ragʻbatlantirish va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida temir yoʻl sohasini isloh qilish.

 

Kimyo sanoati: institutsional islohotlarni amalga oshirish uchun zamin yaratish va “Fargʻonaazot”ni xususiylashtirish. Sanoatni liberallashtirish, uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish, kimyo sanoatida samaradorlik va raqobatni oshirish belgilangan.

 

Qishloq xoʻjaligi: hosildorlikni oshirish va ekinlarni diversifikatsiya qilish uchun ularni ekish tartibini liberallashtirish hamda fermerlarga iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishda yordam berish.

 

Davlatning fiskal majburiyatlarini boshqarish: Oʻzbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligining DXSh loyihalaridan kelib chiqadigan fiskal majburiyatlarni boshqarish va tartibga solish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish.

 

Ijtimoiy himoya: aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish, ularning sifatini oshirish maqsadida Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish.

 

Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish: oiladagi zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish va ayollarni jismoniy, jinsiy, iqtisodiy va ruhiy zoʻravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish.

 

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul yuridik yordam koʻrsatish: Adliya tizimidan teng foydalanishni taʼminlash maqsadida maʼmuriy, fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha kam taʼminlanganlarga davlat tomonidan bepul yuridik yordam koʻrsatish.

 

Iqlim oʻzgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish: keng koʻlamli iqlim va ekologik davlat dasturlarini ishlab chiqish, Ekologiya vazirligining salohiyati va vakolatlarini kuchaytirish hamda havo sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish.

 

“Yashil” iqtisodiyotga oʻtish: milliy “yashil” taksonomiyani ishlab chiqish. Bunda iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatish maqsadida zarur choralarni koʻrish, atmosferaga chiqindilarning oldini olish mexanizmlarini yaxshilash va “yashil” loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//