“Yangi Oʻzbekiston: Ijtimoiy-dunyoviy davlatdan maʼrifiy jamiyat sari” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi

Saqlash
21:19 / 07.12.2023 2562 0

4-7 dekabr kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimining 100 nafar xodimi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutida “Yangi Oʻzbekiston: Ijtimoiy-dunyoviy davlatdan maʼrifiy jamiyat sari” mavzusida 32 soatlik malaka oshirish oʻquv kursi boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir davomida bir qancha nufuzli olimlar, jurnalist va masʼul shaxslar tinglovchilarga turli yoʻnalishlarda oʻz bilimlarini ulashdi.

 

Xususan, 7-dekabr kuni boʻlib oʻtgan anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi maʼsul xodimi, professor Abduxalil Mavrulov “Ijtimoiy axloq va yangilanayotgan jamiyat” mavzusida nutq soʻzladi:

 

“Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda mutlaq yangi siyosat yurita boshladi. Qoʻshnilar bilan ginalarga chek qoʻyildi, chegaralar ochildi. Misol uchun, bundan oʻn yil oldin Oʻzbekiston qoʻshnilari bilan yetti yuzta muammoli chegara nizosiga ega edi. Kimdir biron koʻlni meniki derdi, boshqasi esa biron koʻprikni. 2023-yilning birinchi choragiga kelib, mana shu yetti yuzta nizoning bari hal qilindi. Bu ham yangi tashqi siyosatdagi yutuqlardan.

 

Professor Abduxalil Mavrulov

 

Qoʻshnilar bilan yaxshi aloqalar juda hayotiy masala. Hozirda Oʻzbekistonning oʻzidagi suv manbalari mamlakatning suvga ehtiyojining 21 foizini qoplaydi. Qolgan 79 foiz suv qoʻshni davlatlardan kirib keladi. Shunday ekan, qoʻshnilarimiz bilan birgalikda ishlashimiz, hamkorlik qilishimiz lozim.

 

Qadriyatlar masalasida ham koʻp gapirilyapti. “Qadriyatlarni yangilash” degani, ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan qadriyatlardan butkul voz kechish degani emas, balki ularni takomillashtirish, zamonaviy ruh berish demakdir”.

 

Anjumanda tinglovchilar onlayn tarzda ham ishtirok etdi

 

Professor bundan tashqari oxirgi vaqtlarda oʻzgarib borayotgan axloq mezonlari, ularning ijobiy va salbiy taʼsirlari, ularni qanday qilib foydali tomonga yoʻnaltirish haqida ham gapirdi. Xususan, insonlardagi SSSRni qoʻmsash, xotirlash kabi avj olayotgan trendlar maʼnaviyatchilarning qiladigan ishi hali koʻp ekanini anglatishi taʼkidlandi.

 

 

Shu bilan birga, yangi Oʻzbekistonda davlat mohiyati oʻzgartirilgani, yaʼni ilgarigidek davlat-jamiyat-inson emas, inson-jamiyat-davlat formulasi amaliyotga kiritilgani qayd etildi.

 

 

Anjumanda, shuningdek, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻofurov ham masofaviy tarzda qatnashdi. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun boʻyicha nutq soʻzlagan Gʻofurov tobora kuchayib borayotgan diniy radikalizm, turli yangi dinlar, noqonuniy sektalar, missionerlik harakatlari haqida gapirib, ularning xavfli tomonlarini tushuntirdi.

 

 

Xalqaro islom akademiyasi rektori mamlakatda diniy farovonlikka erishish va bunda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning qanchalik muhim rol oʻynashini ham aytib oʻtdi.

 

 

Ushbu malaka oshirish oʻquv kursida tinglovchi sifatida ishtirok etgan, Oʻzbekiston respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi bosh mutaxassisi Bahriddin Ziyatov anjuman haqida oʻz fikrlarini bildirdi:

 

 

“Soʻnggi yillarda respublikamizda barcha sohalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib kelinyapti. Bu xodimlarning masʼuliyatini, vatanparvarligini oshirish, korrupsion holatlarni kamaytirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Jumladan, biz qatnashgan ushbu tadbir ham juda yuqori ruhda oʻtdi. Masʼullar va professorlar oʻz maʼruzalarida juda foydali bilimlarni ulashdi. Menimcha, bunday malaka oshirish dasturlari muntazam oʻtkazilishi kerak”.

 

Bahriddin Ziyatov

 

Tadbir yakunida tinglovchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.

 

 

“Yangi Oʻzbekiston: Ijtimoiy-dunyoviy davlatdan maʼrifiy jamiyat sari” mavzusidagi malaka oshirish oʻquv dasturining navbatdagi kursi 7-dekabr kuni Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutida rasman yopildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//