Dunyo tarixidan Turkiston yulib olinsa, unda qiymatli hech narsa qolmaydi – TURKSOY bosh kotibi oʻrinbosari

Saqlash
22:38 / 06.12.2023 2459 0

Turkiy xalqlar tarixidan Turkiston yulib olinsa, unda qiymatga ega boshqa hech narsa qolmaydi. Hatto, dunyo madaniyati tarixidan Turkistonni chiqarsak, undan ham hech narsa qolmaydi. Bu haqda TURKSOY – Turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi oʻrinbosari Sayid Yusuf Toshkentda oʻtgan konferensiyadagi nutqida soʻz ochdi.

 

5-dekabr, seshanba kuni Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT), Turkiy davlatlar geografik kengashi (TDGK) hamda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (OʻzJOKU) hamkorligida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning oʻrni” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

 

Konferensiyada Turkiya, Qirgʻiziston, Ozarboyjon, Qozogʻiston va Oʻzbekistondan olimlar, professor va fan doktorlari ishtirok etdi.

 

Konferensiya jadid Abdulhamid Choʻlponning “Goʻzal Turkiston, senga ne boʻldi?” sheʼri bilan kuylangan qoʻshiq sadolari ostida ochildi.

 

Soʻngra, Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti “Turksoy” bosh kotibi oʻrinbosari, professor, doktor Sayid Yusuf soʻzga chiqib, turkiy xalqlar madaniyatining ahamiyati haqida gapirdi.

 

“Turkiy xalqlar tarixidan Turkiston yulib olinsa, unda qiymatga ega boshqa hech narsa qolmaydi. Hatto, dunyo madaniyati tarixidan Turkistonni chiqarsak, undan ham hech narsa qolmaydi. Men Hindistonni, Pokistonni kezdim, Afrikaning markazidan Sudanga qadar bordim. U yerlarda oʻz tilini unutgan millionlab turkiylar bilan koʻrishdim. Hindistondagi turkiylar 50 milliondan kam emas va ular menga shunday dedi: “Biz turkiymiz va turkiy tilni oʻrganishni istaymiz. Bizning turkiy maktablarimiz, turkiy kollejlarimiz bor”. Dunyoning toʻrt tarafidagi turklarga, qardoshlarimizga madaniyatimizni yetkazish juda muhim”, deydi professor.

 

Tadbirda soʻzga chiqqan TDGKning bosh kotibi Oybek Norinboyevning bildirishicha, 2024-yil fevral-mart oylarida ham Turkiy Davlatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Qoraxoniylarga bagʻishlangan konferensiyani oʻtkazish rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//