Andijonda ham jinoyat olami vakillari ushlandi

Saqlash
20:13 / 05.12.2023 1292 0

Andijon viloyati hududida “Dolzarb 40 kunlik” maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari, tovlamachilar, oʻzidan “Yetakchi” yasab olganlar hamda ularga yaqin boʻlgan shaxslar ushlanmoqda. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

 

Xususan, 2-dekabr kuni oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, muqaddam sudlangan uch kishi ushlangan:

 

muqaddam Jinoyat kodeksining 219 (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik qilish), 238 (yolgʻon guvohlik berish), 241 (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 165-moddalarida (tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon tumanida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan Bayxanov Nofar Alisherovich,

 

muqaddam Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam oʻldirish), 164 (bosqinchilik), 165-moddalarida (tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon shahrida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan Umarov Umidbek Rafukjonovich,

 

muqaddam Jinoyat kodeksining 159-moddasida (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan, Qoʻrgʻontepa tumanida yashovchi, 1961-yilda tugʻilgan Mamajonov Dilmurod Adhamjonovich.

 

Ular viloyat hududida mayda bezorilik, tovlamachilik, kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgani aniqlangan.

 

“Hurmatli fuqarolar! Agar Sizlar ushbu shaxslardan jabr koʻrgan boʻlsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻlsangiz, Andijon viloyati IIBning 102 raqami yoki 97-432-10-20 telefon raqamiga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deyiladi xabarda.

 

Ayni paytda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Jinoyat kodeksining 165, 251-1, 273-moddalariga asosan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//