Mavsumiy kasalliklar sabab oʻquv muassasalarida taʼlim jarayonini toʻxtatishga asos yoʻq – Nurmat Otabekov

Saqlash
22:10 / 04.12.2023 1364 0

Hozirda aksariyat mamlakatlar qatori yurtimizda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi koʻpaygan. Ayniqsa, bolalarda bu jarayon biroz ogʻir kechmoqda, deb yozadi SSV.

 

SSV Oʻzbekistonda oʻtkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat boʻyicha maʼlumot berdi.

 

“Gap shundaki, biz oʻtkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak. Kasallik tarqalishida uch muhim boʻgʻin bor: kasallik manbai, yuqish yoʻli, yuqtirishga moyil organizm.

 

Agar kasallangan bolalarni maktabga, bogʻchaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi. Har birimiz oʻtkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz.

 

Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari boʻlgan farzandlarini bogʻcha va maktablarga, oliy taʼlim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor koʻrsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq.

 

Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun oʻrin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

 

Aholi orasida gripp mavsumi haqida “bu — yangi pandemiya” degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas.

 

Oʻtkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida koʻproq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik boʻsagʻaga yetganiga asos boʻla olmaydi.

 

Shu sababdan ham oʻquv muassasalarida taʼlim jarayonini toʻxtatishga yetarli asos koʻrmayapmiz.

 

Hozirgi vaziyatda bizning vazifamiz: bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish!

 

Bemorlar muloqot chogʻida doim tibbiy niqobda boʻlishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qatʼiy amal qilishlari shart.

 

Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslik kerak! Mavsum oldidan yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//