Olmaotadagi xostelda yuz bergan yongʻinda ikki nafar oʻzbekistonlik halok boʻldi

Saqlash
17:38 / 30.11.2023 1903 0

30-noyabr kuni tongda Qozogʻistonning Olmaota shahridagi xostelda yongʻin sodir boʻlib, 13 kishi halok boʻldi. Bu haqda Tengrinews.kz'ga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining nashrga maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida ikki nafar oʻzbekistonlik — 2000-yilda tugʻilgan yigitlar halok boʻlgan. Hozirda mamlakatning Olmaotadagi bosh konsulligi shahar hokimligi va tegishli idoralari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. TIV halok boʻlganlarning yaqinlariga ularning jasadlarini vatanga yetkazishda har tomonlama yordam berishini maʼlum qildi.

 

Taxminlarga koʻra, xostelda 72 kishi boʻlgan, ulardan 59 nafari oʻzini evakuatsiya qilish ulgurgan.

 

“Yongʻinni oʻchirish va qidiruv ishlari davomida 13 nafar jasad topilgan, ularning shaxsi aniqlanmoqda. Taxminlarga koʻra, ular is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etgan”, — deyiladi xabarda.

 

Olmaota shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bino 1,5 oy oldin xostelga aylantirilganini maʼlum qildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻin yertoʻla koridoridan kelib chiqqan.

 

Olmaota hokimi Erbolat Dosayev xostel yertoʻlasini qayta jihozlash, mehmonlarni joylashtirish taqiqlanganini, u yerda oshxona va hokazolar boʻlishi kerakligini aytgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//