Suv yoʻqotishlari oqibatida mamlakat iqtisodiyotida yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti

Saqlash
16:55 / 30.11.2023 1025 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatiga koʻra, mamlakatimizdagi suv resurslarining 20 foizi oʻzimizda, katta qismi qoʻshni davlatlarda shakllanadi. Iqlim oʻzgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish boʻyicha vaziyat ham jiddiy. Bularning taʼsirida 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti.
 

“Lekin shu holatda ham suvdan samarasiz foydalanilyapti. Mamlakatimizdagi jami suv resursining 90 foizi qishloq xoʻjaligida sarflanyapti. Masalan, yurtimizda bir gektar paxta maydonini sugʻorish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflangani holda, iqlimi va yeri biznikiga oʻxshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilyapti. U ham boʻlsa, suvni toʻgʻri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga.

Suv xoʻjaligiga har yili oʻrtacha 1 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablagʻ olish boʻyicha taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligidan keyin 4-oʻrinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara kam”, — deyiladi xabarda.
 

 

Yigʻilishda bu sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari bir yil davomida suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtilishini taʼkidladi.
 

“Bunda birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash. Hisob-kitoblarga koʻra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof boʻlyapti. Eng koʻp suv yoʻqotishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga toʻgʻri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv taʼminoti juda ogʻir”, — deb qayd etilgan Prezident matbuot xizmati eʼlon qilgan xabarda.
 

 

Suv yoʻqotishlari oqibatida mamlakat iqtisodiyotida yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti.

Shu bois suv xoʻjaligida “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” eʼlon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, yaʼni bu yilgiga nisbatan 4 barobar koʻp yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025-yildan boshlab kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga oʻtiladi.

Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi. Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga oʻtkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.

Shuningdek, ikkinchi muhim vazifa – suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish muhimligi alohida qayd etildi.
 

“Mamlakatimizda 4,3 million gektar sugʻoriladigan yer boʻlib, shundan 30 foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Bunday klaster va fermer xoʻjaliklarida suv 30-40 foizga, oʻgʻit va yoqilgʻi 25-30 foizga tejalishi bilan birga hosildorlik oshgan.

Lekin, suv yetkazish tannarxi juda qimmat boʻlgan Qashqadaryoda bunday usulda sugʻoriladigan yerlar atigi 16 foizni tashkil etadi. Suv tejashda eng sodda agrotexnik tadbir boʻlgan yerni lazerli tekislash ishlari ham yetarli emas. Bunday maydonlar Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 10 foizdan kam”, — deb maʼlumotlar keltirilmoqda.
 

 

Buning sabablaridan biri – suv tejovchi texnologiyani joriy qilgan fermerlarga kredit foizining bir qismini qoplash tartibi ishlamayapti. Shu bois yigʻilishda bu boʻyicha yangicha moliyalashtirish tizimi belgilangan. Unga koʻra, klaster va fermerlarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Buning uchun ochiq-oshkora platforma ishga tushiriladi. Ham bank bilan, ham taʼminotchilar bilan shartnoma elektron platforma orqali onlayn imzolanadi.

Mutasaddilarga buning moliyaviy-tashkiliy jihatlari boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Suv tejash joriy etilgan maydonlarni har yili kengaytirib borish, Turkiya, Ispaniya va Xitoyning bu boʻyicha tajribasini oʻrganish muhimligi taʼkidlandi.

Kelgusi uch yilda ham qishloq xoʻjaligi texnikasining 15 foizi va lazerli tekislagichning 30 foizini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. 2026-yilgacha hamma ekin yerlari lazerli tekislanadi. 2026-yildan keyin lazerli tekislanmagan yerlarga nisbatan yer va suv soliqlari keskin oshiriladi.

Uchinchi muhim vazifa – suvni yetkazish xarajatlarini qisqartirish.

Bugungi kunda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har 1 kubmetr suvga oʻrtacha 212 soʻm xarajat qilinayapti. Lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda bu 2-3 barobar qimmat.

Shu bilan birga, suv xarajatining 63 foizi nasos stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. Xususan, sugʻorish uchun yiliga 7 milliard kilovatt soat elektr energiyasi sarflanadi. Chunki suv nasoslarining 80 foizi eskirgan, energiya sarfi yuqori.

Bu borada bir nechta loyiha boshlangan. Bu ishlarni jadallashtirib, xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida 95 ta nasos stansiyasini yangilash, kelgusi yil boshida yana 118 tasi boʻyicha tender eʼlon qilish vazifasi qoʻyildi.

Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar 268 ta nasosni boshqaruvga olish tashabbusini bildirgan. Umuman, ushbu choralar orqali kelgusi yili nasoslarning elektr sarfini 300 million kilovatt soatga, keyingi uch yilda esa 1,5 milliard kilovatt soatga kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//