Oʻzbekistonda korrupsiya eng koʻp uchrayotgan sohalar maʼlum qilindi

Saqlash
22:40 / 29.11.2023 1486 0

Mamlakatda taʼlim, bank, qurilish va davlat xaridlari sohalarida korrupsiyaviy xatarlar yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi Azamat Ergashev maʼlum qildi.

“Tan olishimiz kerak, deyarli barcha davlat tashkilotlarida korrupsiya mavjud. Biz buning amaliy taʼsirini koʻp holatlarda koʻrdik. Tahlillarga qarasak, hozir Oʻzbekistonda oliy taʼlim, maktabgacha va maktab taʼlimi, bank, qurilish hamda davlat xaridlari sohasida korrupsiya eng koʻp uchraydi. Bu illat xalq ongiga ham shu darajada singib ketganki, odamlarda ʼagar pul bermasak, oliy oʻquv yurtiga kira olmaymiz, farzandimizni bogʻcha yoki maktabga joylashtira olmaymizʼ, degan tuygʻu shakllanib ulgurgan”, — deydi u “Daryo”ga bergan intervyusida.

Azamat Ergashev maktab va maktabgacha taʼlim sohasida aniqlangan korrupsion holatlarga misol keltirdi.

“Maktablarga dars taqsimoti sohasida, davlat xaridlari, xodimlarni ishga olishda juda koʻp korrupsion holatlar uchramoqda. Masalan, bizning agentlik tomonidan bir necha korrupsiyaviy holatlar aniqlangan. Xususan, Navoiy viloyat xalq taʼlimi boʻlimi mansabdor shaxslari tumandagi oʻqituvchilarga ustama belgilashda davlat manfaatlariga juda katta zarar yetkazgan holatlari aniqlandi. Hozirda Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan tergov qilinib, material sud idoralariga chiqarilgan.

Yana bir misol, “Zoʻrpalast” loyihasi doirasida Rossiyadan Oʻzbekistonga 150 nafar oʻqituvchi kelishi kutilgan. Lekin ulardan 130 nafari kelgan, qolgan 20 nafari kelmagan. Malaka oshirish instituti mansabdor shaxslari ayrim shaxslar bilan til biriktirib, kelmagan oʻqituvchilar uchun ham yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlarni hisoblab, pullarni bir paytlar institut prorektori taʼsischiligida tuzilgan xoʻjalik yurituvchi subyektga oʻtkazgan va oʻzlashtirgan holatlari aniqlandi. Bu boʻyicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, huquqbuzarlarga chora koʻrildi”, — dedi agentlik xodimi.

Azamat Ergashev suhbat davomida yana bir korrupsiyaviy jinoyat boʻyicha maʼlumot berdi.

“Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi markaziy mahkamasi tomonidan “Umid nihollari” tadbirlari uchun ajratilgan pullardan 20 milliard soʻmini oʻz manfaati uchun oʻzlashtirib yuborilganlik holati aniqlandi. Hozirda Shayxontohur tuman sudida mazkur ish koʻrilmoqda” — deya maʼlum qildi suhbatdosh.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//