Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni farmatsevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qoʻllab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimizda bu ikki tarmoq uchun ham zarur xomashyo, yetarli sharoitlar bor. Xususan, oxirgi olti yilda farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish 3 barobar, eksport 6 barobar koʻpaygan. 525 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushib, jami 50 mingta ish oʻrni yaratilgan.
Lekin bu hali mavjud imkoniyat va talab darajasida emas. Masalan, yurtimizda yiliga 1,6 milliard dollarlik dori-darmon isteʼmol qilinadi. Bunda mahalliy mahsulotlarimizning ulushi bor-yoʻgʻi 18 foiz, qolgani import hisobidan qoplanyapti.
Shu bois yigʻilishda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
– Soʻnggi yillarda bu sohaga katta koʻmak va mablagʻ berildi, farmatsevtika zonalari tashkil etildi. Lekin bundan toʻla foydalanilmayapti. Mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlar loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning mahsulotlari xaridorgirligini taʼminlash kerak. Buning zamirida qancha ish oʻrni, qancha odamlarning roziligi bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada xorij tajribasini oʻrganish, mashhur brendlarni mamlakatimizga jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Jumladan, eng koʻp isteʼmol qilinadigan 50 turdagi dorini yurtimizda ishlab chiqarish orqali mahalliylashtirish ulushini 35 foizga yetkazish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
“Tashkent Pharma Park” klasteri qurilishini jadallashtirish, unga xususiy sherikni jalb etish zarurligi aytildi. Shuningdek, farmatsevtika korxonalariga “GMP” xalqaro standartiga oʻtish va markirovkalash tizimini yoʻlga qoʻyishda koʻmaklashiladi.
Umuman, bu sohada 1,5 milliard dollarlik 173 ta loyiha shakllantirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 600 million dollar yoʻnaltiriladi.
Mutasaddilar bularning natijasida 2024-yilda 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi, 160 million dollar eksport taʼminlanishi boʻyicha axborot berdi.
Yigʻilishda elektrotexnika sanoatiga doir masalalar ham koʻrib chiqildi.
Soʻnggi olti yilda bu sohada 640 million dollarlik 224 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil yakunida eksport 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yurtimizga yiliga 800 million dollarlik elektrotexnika tovarlari import boʻlmoqda. Umuman olganda, mintaqamizda 3 milliard dollarlik bozor bor.
Bunda munosib oʻrin egallash uchun nufuzli brendlar bilan hamkorlik oʻrnatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yilga moʻljallangan 2 milliard dollarlik 141 ta loyihada bunga alohida eʼtibor qaratiladi.
Joriy yilda 2 gigavatt, 2024-yilda yana 4 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga juda koʻp kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirib, xalqaro sifat sertifikatlari olish vazifasi qoʻyildi.
Sohada ilgʻor texnologiya, innovatsiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash uchun 100 million dollar yoʻnaltirilishi belgilandi.
Mutasaddilar kelgusi yilda ishlab chiqarishni 20 foizga oshirish, misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish rejalarini bayon etdi. Shuningdek, eksportni 1,5 milliard dollarga, 2025-yilda 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Yigʻilishda ushbu tarmoqlardagi muammo va vazifalar yuzasidan viloyat hokimlari va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Shahlo
20:11 / 29.11.2023
Ishlaringizga rivoj tilayman hurmatli prezidentim. Sizni juda hurmat qilaman