Jamiyat
Oʻzbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obroʻsizlantirish va haqorat qilish maqsadida” ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda eʼlon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilindi. 28-noyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida konseptual jihatdan birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga yangi 195−2-moddani kiritishni taklif qilmoqda, unga koʻra ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida olingan surat va videolarni ularni obroʻsizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetda joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida (1-dekabrdan — 17 million soʻm) jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Deputat Doniyor Gʻaniyev huquq-tartibot idoralarida aholi va yurt xavfsizligini taʼminlovchi minglab vatanparvar xodimlar faoliyat yuritayotgani, biroq ular orasida mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzayotgan xodimlar ham borligini taʼkidladi.
“Ertaga ular mana shu normani suiisteʼmol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qoʻpol munosabatda boʻlishlari mumkin. Bu xodimlarning ruhiy holatini yaxshilashga olib kelishi mumkin deb oʻylashingiz mumkin. Yoʻq, bu aks natija beradi. Biz huquq-tartibot idoralari xodimlari, xususan, ichki ishlar xodimlari fuqarolarning haqiqiy tayanchi, doʻsti va himoyachisi boʻlgan institutga aylanishini istaymiz”, — dedi u.
Parlament aʼzosining soʻzlariga koʻra, agar shunday meʼyor qabul qilinsa, “fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan boʻlgan hurmatini qoʻrquv, ishonchini shubha, sevgisi oʻrnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”.
Doniyor Gʻaniyev qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi oʻqishda muhokama qilish chogʻida hamkasblaridan ushbu modda yuzasidan ham fikr bildirishni soʻradi.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarining roziligisiz faoliyati aks etgan fotosuratlar va videolarni internetda joylashtirishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Buning asosi sifatida prezidentning yopiq farmoni borligi aytilgan. Jamoatchilik bu taklifni “orqaga qadam” deb hisoblagandi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q