Jamiyat
2023-yil 1-dekabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi Spot tomonidan taqdim etildi.
Ish haqi, pensiya va nafaqalar oshiriladi
1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirilishi belgilangan.
Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming soʻm, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming soʻm hamda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 mln 50 ming soʻmni tashkil etadi.
Farmon bilan quyidagi nafaqa va pensiya turlari ham oshirilmoqda:
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 800 ming soʻm;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 800 ming soʻm;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 ming soʻmdan) 800 ming soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 800 ming soʻm;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa — 608 ming soʻm;
ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — 608 ming soʻm;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 608 ming soʻm;
boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 608 ming soʻm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun — 212 ming soʻmdan qoʻshiladi.
Shuningdek, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori oyiga 608 ming soʻm etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi.
Barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7%ga oshgan holda hisoblanadi.
Bazaviy hisoblash miqdori 1-dekabrdan 3% miqdorida oʻzgarib, 340 ming soʻm etib belgilanmoqda. (Bungacha BHM 330 ming soʻmni tashkil etgandi).
Toshkentda issiqlik taʼminoti uchun tariflar oshiriladi
Hujjat bilan, “Veolia Energy Tashkent” tomonidan koʻrsatiladigan issiqlik taʼminoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi uchun 664 465 soʻm etib belgilanmoqda.
Kiritilayotgan yangi tariflar joriy yilning 1-dekabridan kuchga kiradi. Shu bilan birga, qaror loyihasining muhokamasi 28-noyabrgacha davom etadi.
Qarorga muvofiq, aholi uchun issiqlik taʼminoti xizmatlarining chakana savdo tarifi avvalgi darajada oʻzgarishsiz qoladi — bir Gkal uchun 91 960 soʻm.
Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun 1 Gkalning yangi narxi 801 963 soʻmni, kichik, oʻrta va yirik korxonalar uchun esa 212 606 soʻmni tashkil etadi.
Valyutani chet elga olib chiqish limiti oshiriladi
Hukumatning bojxona deklaratsiyasidan oʻtkazilmaydigan naqd xorijiy valyutani xorijga olib chiqish hajmini oshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Endilikda Oʻzbekistondan bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, amaldagi 70 million soʻm oʻrniga 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan ekvivalentdagi valyutalarni olib kirish va olib chiqish mumkin.
Bundan tashqari, maslahat olish uchun aholi belgilangan limitdan oshib ketgan naqd valyutani bojxona nazorati oldidan taqdim etish huquqiga ega boʻlib, bojxona organlari xodimlari ularga deklaratsiyani toʻldirish qoidalari boʻyicha tushuntirishlar beradi. Ilgari bu qoida ham mavjud emasdi.
Tashqi reklama uchun joy E-auksion orqali sotiladi
2023-yil 1-dekabrdan boshlab tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi.
Reklama konstruksiyalarini oʻrnatish uchun yigʻim va ularda reklama maʼlumotlarini joylashtirish uchun yigʻim oʻrniga yagona toʻlov joriy etiladi. Bu onlayn-auksion natijalariga koʻra aniqlanadi.
Reklama obyektlari bilan savdolar E-auksionda oʻtkaziladi. Gʻolibga avtomatik ravishda reklama joyining pasporti ham, uni oʻrnatish boʻyicha shartnomalar ham beriladi.
Ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun hududlarga qarab quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
Toshkent shahrida BHMning 20%i — 68 ming soʻm;
Qoraqalpogʻiston va viloyatlar markazlarida 10%i — 34 ming soʻm;
boshqa hududlarda 7%i — 23,8 ming soʻm.
2023-yil 1-dekabrgachas tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xatlovdan oʻtkaziladi va ular ustidan doimiy nazorat oʻrnatiladi.
MIZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish Yagona portal orqali amalga oshiriladi
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish, ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, ular bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi bitim va ijara shartnomalarini tuzish boʻyicha davlat xizmatlari Yagona portal, Davlat xizmatlari markazlari yoki MIZ direksiyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.
Kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantiruvchi tizim bosqichma-bosqich ishga tushiriladi
Mazkur tizim doirasida Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi.
Zilzila oʻchogʻiga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli (5 va undan yuqori balli) tebranishlar aniqlanganda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi toʻgʻrisida tezkor xabarnoma yuboriladi.
Nasldor qoramollar uchun hisoblangan QQSni 180 kunda toʻlash imkoniyati yaratiladi
Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi prezident qarori qabul qilingan.
Hujjat bilan, chorvachilik xoʻjaliklari oʻz ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qoʻshilgan qiymat soligʻini 180 kun ichida toʻlab berish tizimi joriy etiladi.
Bunda imtiyozlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi kafolati asosida beriladi.
Fuqarolikni rasmiylashtirish va avtotransportni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha sayyor xizmatlar koʻrsatiladi
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, avtotransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda davlat raqami berish boʻyicha davlat xizmatlari fuqarolar xohishi bilan yashash joyiga chiqish orqali amalga oshiriladi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati qoʻshimcha toʻlov asosida koʻrsatilib, bunda toʻlovlar oldindan amalga oshirilishi belgilangan.
Ammo aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasidan qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi. Xizmat 10 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining yashash joyiga borib amalga oshiriladi.
Shuningdek, transportni roʻyxatga olish boʻyicha sayyor davlat xizmatlari qoʻshimcha toʻlov asosida 1, 3 yoki 5 kunda koʻrsatiladi.
Bunda ham toʻlov xizmat koʻrsatilishidan oldin amalga oshiriladi hamda uning miqdori quyidagicha:
1 kunda koʻrsatilganda — BHMning 4 baravari (1 mln 360 ming soʻm);
3 kunda koʻrsatilganda — BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming soʻm);
5 kunda koʻrsatilganda — BHMning 2 baravari (680 ming soʻm).
Shu bilan birga, xizmat koʻrsatish masofasi 10 kilometrdan oshganda, har bir kilometr uchun qoʻshimcha BHMning 5%i (17 ming soʻm) miqdorida toʻlanadi.
Shahar va viloyat markazlarida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari oʻrnatiladi
1-dekabrdan mamlakatning shahar va viloyat markazlarida elektromobillarni tez quvvatlantirish stansiyalari barpo etiladi.
Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyat boʻysunuvida boʻlgan shaharlar hududlaridagi AYoQSh, sigʻimi 100 avtomobildan ortiq boʻlgan avtoturargohlar hamda bozorlar hududida tashkil etiladi.
“Oʻzbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori avtomagistral yoʻllarida joylashgan AYoQSh hamda savdo va koʻngilochar markazlari hududida ham oʻrnatiladi.
Aholi va tadbirkorlardan 47 turdagi maʼlumotlarni soʻrab olish bekor qilinadi
Qonunchilikka koʻra, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali aholi va tadbirkorlik subyektlaridan 47 turdagi maʼlumotlarni talab qilish bekor qilinadi.
Chegarani kesib oʻtgan xorij fuqarosi va oʻzbekistonliklarning pasport maʼlumotlari;
Foydalanuvchiga ilgari taqdim etilgan JSHSHIR (agar mavjud boʻlsa) haqida maʼlumot;
Oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Fuqaro mol-mulkiga (avtotransport vositasi, koʻchmas mulk va boshqalar) qoʻyilgan taqiqlar;
Avtomototransportlar bilan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining sugʻurta shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Talabaning shartnoma puli toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Bojxona yuk deklaratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizim idoralari tomonidan import qilingan tovar moddiy jihozlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Bepul tibbiy xizmat uchun berilgan orderlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Jismoniy shaxslarning roʻyxatga olingan poliklinika manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchi/talabalari oʻqish joyidan maʼlumotnoma;
Attestatsiyadan oʻtgan pedagog kadrlar toʻgʻrisida (oʻrta maxsus va professional taʼlim) maʼlumotlar;
Mahsulotning muvofiqlik sertifikati maʼlumotlari
Bekor qilingan haydovchilik guvohnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Jismoniy va yuridik shaxslarga ochilgan bank plastik kartalari (Uzcard, HUMO) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Tugʻilganlik haqidagi maʼlumotni real vaqt rejimida taqdim etish va boshqalar.
Soʻrab olish talab qilinmaydigan maʼlumotlar roʻyxati bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Maʼmuriy bayonnoma avtomobilni ishonchnoma bilan boshqaruvchiga rasmiylashtiriladi
Transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini oʻtkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.
Bunda, xabarnoma olingan kundan vakolatli organ tomonidan YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi oʻtkazilgan shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Toshkentda ichimlik va oqova suv narxi oshiriladi
Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining 24-noyabrdagi qarori bilan sovuq suv va oqova suv narxlarining yangilangan tariflari tasdiqlandi.
9-dekabrdan aholi, budjet tashkilotlari va ulgurji isteʼmolchilar uchun bir metr kub suv narxi 1400 soʻm, oqova suv narxi esa 1000 soʻmdan hisoblanadi.
Yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 soʻm, oqava suv narxi esa 2200 soʻm etib belgilandi.
“Yandex Go” Oʻzbekistonda servisni mahalliylashtiradi
“Yandex Go” taksi agregatori Oʻzbekistonda mahalliylashtirish ustida ishlamoqda. MDHdagi xizmat rahbari Kirill Svintsovning taʼkidlashicha, kompaniya mamlakat qonunchiligiga muvofiq faoliyat yuritadi va allaqachon savdo belgisini roʻyxatdan oʻtkazgan. 1-dekabrgacha axborot xizmatini mamlakat ichida mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Yandex Go” yoʻlovchi tashuvlarini fiskallashtirish masalalari boʻyicha Soliq qoʻmitasi bilan muloqotni davom ettirmoqda. Kompaniya vakili “mazkur vazifani belgilangan vaqt ichida amalga oshishini” kutmoqda.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q