O‘zbekistonda sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanadi

Saqlash
19:49 / 27.11.2023 1136 0

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ta’kidlanishicha, mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, maʼlumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

 

Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik maʼlumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda. Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

 

Bundan tashqari, xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga maʼlum bir haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib bormoqda. Hozirda birgina IMEI kodida 5 011 ta, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2 347 ta SIM-kartalar bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan.

 

Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy taʼsir chorasini qo‘llash belgilanmagan. Shu sababli qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun maʼmuriy javobgarlik kiritilmoqda.

 

Shu bilan birga, Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik nazarda tutilmoqda.

 

Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar ushbu jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni fosh etishda yordam bergan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi senatorlar tomonidan qayd etilgan. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//