Milliy gvardiya Toshkentda Jah Khalib konsertiga kirishda yuz bergan tiqilinch va tartibsizliklarga izoh berdi

Saqlash
17:09 / 27.11.2023 1086 0

25-noyabr kuni Toshkentdagi Humo Arena majmuasida qozogʻistonlik xonanda Jah Khalib konsertiga kirish uchun tiqilinch yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda majmuaga kiraverishda minglab odamlar yigʻilgani aks etgan video tarqaldi. Ularning birida Milliy gvardiya xodimlari konsertga kelganlardan birini olib ketayotganini koʻrish mumkin.

Milliy gvardiyaning Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi xabariga koʻra, hududga kirish joylarida tartibsizlik holatlari yuz bergan.
 

“Jamoat tartibini buzganlikda gumonlangan fuqarolar voqea joyidan xavfsiz hududga olib chiqilib, yuz berishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldi olingan… Hozirda barcha fuqarolar voqea joyidan tarqatilgan. Tan jarohati olganlar yoʻq”, — deyiladi boshqarmaning 26-noyabrga oʻtar kechasi eʼlon qilingan birinchi xabarida.

Keyinroq boshqarma fuqarolar tomonidan konsert dasturi uchun chiqarilgan 10 mingdan ortiq elektron chiptalar sotib olinganini bildirdi. Tashrif buyurgan fuqarolarning chiptalari iTicket xodimlari tomonidan maxsus skaner qurilmasining QR-kodi orqali tekshirilib kiritilgan.

“[Saroydagi] oʻrindiqlar toʻlgan boʻlsa-da, tashqarida mingdan ortiq fuqaro qolib ketib, kirish istagini bildirgan va ushbu harakatlari bilan sunʼiy tirbandlikni sodir etgan. Shuni alohida taʼkidlash joizki, ushbu fuqarolarning elektron chiptalari kirish joyida takroran taqdim etilganlik holati aniqlangan. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, bunday chiptalarga ega boʻlgan fuqarolar nazorat oʻtish joyidan ichkariga qoʻyilmagan”, — deyiladi xabarda.
 

 

Boshqarmaning qoʻshimcha qilishicha, mazkur fuqarolar taqdim etgan elektron chiptalar tanishlari yoki boshqa jismoniy shaxslardan sovgʻa sifatida hamda pul evaziga qoʻlga kiritganliklari maʼlum boʻlgan. IIO xodimlari tomonidan ayrim fuqarolar elektron chiptalarni oʻz manfaati yoʻlida takroran sotganliklari aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Milliy Gvardiya bu kabi noqonuniy ishga qoʻl urgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishini maʼlum qildi.

“Ushbu holatlar nafaqat konsert dasturlarida, balki futbol oʻyinlariga kirish uchun sotilayotgan elektron chiptalarda ham kuzatilishi mumkin. Sizlardan va siz orqali yaqinlaringizdan elektron chiptalarni faqatgina rasmiy saytlar hamda chipta sotiladigan maxsus joylardan xarid qilishlaringizni soʻrab qolamiz”, — deyiladi huquqni muhofaza qiluvchi organ xabarida.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Milliy gvardiya, IIV, Raqamli texnologiyalar vazirligi va ITICKET INGURUZ MCHJ mutasaddilari tomonidan aniq chora-tadbirlar muhokama qilinadi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda arenadagi tartibsizliklarda pichoqbozlik boʻlgani, hatto oʻlim holati kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Boshqarma bu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qildi hamda asoslanmagan va tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikni soʻradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//