Bu yil Oʻzbekistonda qish qanday keladi?

Saqlash
22:38 / 23.11.2023 2402 0

Bu yilgi qish iliqroq boʻlishi kutilyapti. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov “Kun.uz” nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, joriy yil yanvar oyida harorat koʻtarilishi Tinch okeanida suv sathi koʻtarilishi davri bilan bogʻliq boʻladi.
 

“Soʻnggi yillarda iqlim oʻzgarishi oqibatida havo harorati koʻtarilishi barcha mintaqalarda kuzatilyapti, bizning mintaqada esa koʻproq.

Prognozlar tuzishda oldingi davrdagi kuzatuvlar natijalariga tayanamiz. Bu yil shimoliy yarimshardagi barcha hududlarda iliqroq qish boʻlishi prognoz qilinyapti. Aprel oyining oʻrtalarida Tinch okeanida suv sathi koʻtarilishining iqlimga taʼsiri saqlanib turishi aytilyapti. 2016-yildagi suv sathi koʻtarilishida ham mana shunday issiq havo boʻlgan edi”, deydi u.
 

 

Erkin Abdulahatovga koʻra, dekabr oyi soʻnggi 30 yildagi koʻrsatkichlardan 1-1,5 daraja issiqroq boʻlishi kutilyapti.
 

“Umuman, oʻtgan mavsumdagi kabi sovuq ob-havo kutilmayapti. Bu yil noyabr oyi ham issiq boʻlganini koʻrishimiz mumkin, oʻtgan yillarda eng sovuq oylardan boʻlardi. Skandinaviyadagi sovuq oqim bizga sezilishi kerak edi, lekin issiq havo oqimlari koʻpligi uchun bu oqim bizga yetib kelmayapti. Dekabr oyi ham shunga koʻra, nisbatan iliqroq boʻlishi mumkin. Yanvar va fevral oylari haqida aniq tahlillar berib boʻlmaydi. Hali qutbdagi sovuq havo oqimi kirib kelish ehtimoli bor. Agar sovuq havo kirib kelsa, shimoliy hududlarimizda -17…-20 daraja, boshqa hududlarimizda -7…-10 daraja sovuq boʻlishi mumkin”, deb qoʻshimcha qiladi Erkin Abdulahatov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//