Jamiyat
Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov 22-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan hukumat soatida Toshkent shahrida qish mavsumiga tayyorgarlik haqida gapirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻtgan yilning noyabr oyida Oʻzbekistonda elektr energiyasi isteʼmoliga kunlik cheklovlar joriy qilingan.
“Respublika hududida kuniga 10−16 million kVt/soat, anomal sovuq kunlarda esa 20 million kVt/soatgacha cheklovlar kiritildi. Toshkentda [energiya taʼminoti bilan bogʻliq] qanday muammo bor edi? Tabiiy gaz bosimi tushib ketishi oqibatida, yaʼni isitish imkoniyati boʻlmaganidan keyin koʻpchilik elektr energiyasini [isitish uchun] yoqdi. Soʻng yuklamani koʻtara olmay, sim yondi, transformatorlar yondi, podstansiyalarda avariyalar holatlar boʻldi”, — dedi u.
Vazir prezidentning 2023-yil 11-martda (PQ-91) qabul qilingan qaroridan koʻzlangan asosiy maqsad, ayniqsa, Yunusobod va Olmazor tumanlaridagi yirik podstansiyalardan alohida kabellarni boshqa podstansiyalarga toʻgʻri taqsimlash ekanini taʼkidladi.
Bundan tashqari, aholi gaz taʼminoti tizimiga isitish markazlari (IM) ulangani sababli IM-3 va IM-5 uchun sanoat tarmogʻidan alohida gaz quvurlari tortib kelingan.
“Agar yirik stansiyalarda issiqlik taʼminotini saqlab turish uchun mazut yoqish imkoni boʻlsa, bu qozonxonalarda gaz bosimi pasayganda bunday imkoniyat boʻlmagan. Bu qozonxonalar toʻliq taʼmirlanib, mazut yoqishga ham ixtisoslashtirildi. Mazutni saqlash tizimlari yaratildi. Bugungi kunga qadar IM-3 va IM-5ʼda 2 ming tonnalik mazut zaxirasi yaratildi”, — dedi u.
Mirzamahmudovning soʻzlariga koʻra, Chilonzor tumanida 51 ta koʻp qavatli uy uchun pilot loyiha doirasida Amerikaning Caterpillar kompaniyasining gaz porshenli dvigatelli kogeneratsion bloki qurilgan boʻlib, u hatto past gaz bosimida ham — 0,3 atmosfera va gaz bosimida ishlay oladi. U ham elektr, ham issiqlik ishlab chiqaradi.
Poytaxtning yana sakkiz tumanida bunday qurilmalarni qurish boʻyicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolandi, deya qoʻshimcha qildi Energetika vazirligi rahbari.
“Yil oxiriga qadar Toshkent shahrida quvvati 664 MVt-amper va 110 kV kuchlanishli beshta podstansiya, shuningdek, 101 kilometr uzunlikdagi 35 — 110 kV elektr uzatish liniyalari foydalanishga topshiriladi, shuningdek, toʻrtta podstansiya rekonstruksiya qilindi, buning natijasida ularning oʻtkazish quvvati 129 MVt-amperga oshadi. 32,5 km kabellar zamonaviyroq qilib yangilandi”, — dedi u.
Vazirning taʼkidlashicha, anomal sovuq va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish algoritmi ishlab chiqilgan, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi, gaz va issiqlik taʼminotisiz qoldirmaslik maqsadida yirik isteʼmolchilar (korxona, zavodlar) kerak boʻlsa, taʼminotdan uziladi.
“Oʻtgan yilning 22-noyabr holatiga IESlarimizda 46 ming tonna mazut zaxiramiz boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 340 ming tonnadan ortiq zaxiramiz bor. Yaʼni mazut zaxirasi qilindi, kafolatlangan gaz zaxirasi yaratildi. Oʻtgan yili yerosti gaz saqlash omborlaridan koʻpi bilan 18 million kub metr gaz olishimiz mumkin edi, bugun esa yangi qurilma — kompressor stansiyasi tufayli 40 million kub metrgacha gaz olishimiz mumkin”, — dedi u.
Energetika vazirligi rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda davlat dasturlari doirasida va mahalliy hokimliklar hisobidan energetika tizimini modernizatsiya qilish uchun davlat byudjetidan 14 trillion soʻm sarflangan. Toshkent shahridagi ishlar uchun ham kredit mablagʻlari ajratildi.
Joʻrabek Mirzamahmudov boshqa hududlarda ham amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib, deputatlar savollariga javob berdi. Uning nutqi bilan bu yerda toʻliq tanishish mumkin.
Oʻzbekistonda, jumladan, poytaxtda yuzaga kelgan energetika inqirozidan keyin prezident mart oyida “Toshkent shahridagi isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagandi. Hujjatga koʻra, 2023-yilda Toshkent shahrining elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 35 — 110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 3,56 trillion soʻm kerak boʻladi. Yunusobod city, Tashkent city va boshqa hududlarda yangi podstansiyalar quriladi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan Shayxontohur tumanidagi obyektlarni qurish va taʼmirlash uchun 361,6 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q