Toshkentda uy-joy uchun ijara narxlari pasaydi

Saqlash
19:49 / 22.11.2023 1223 0

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilning oktabr oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun ijara narxlarining oʻzgarishini tahlil qildi.

Oʻtgan oyda poytaxtda barcha turdagi xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan arzonlashgan.

Oʻrtacha taʼmirlagan xonadonlar uchun ijara narxlari 6-14 foizgacha pasaygan.

Bir xonali xonadon uchun oʻrtacha ijara narxi 370 dollardan 348 dollarga (5,9 foizga) tushgan boʻlsa, ikki xonali xonadonlar uchun 474 dollardan 437 dollarga (7,8 foiz), uch xonali xonadonlar uchun 611 dollardan 526 dollarga (13,9 foiz), toʻrt xonali xonadonlar uchun 729 dollardan 633 dollarga (13,2 foiz) arzonlashgan.

Toʻliq taʼmirlangan xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari 6-16 foizgacha arzonlashgan.

Xususan, ushbu turdagi bir xonali xonadon uchun oʻrtacha ijara narxi 557 dollardan 508 dollarga (8,8 foizga), ikki xonali xonadonlar 695 dollardan 651dollarga (6,3 foiz), uch xonali xonadonlar 867 dollardan 790 dollarga (8,9 foiz), toʻrt xonali xonadonlar 1102 dollardan 930 dollarga (15,6 foiz) tushgan.

2022-yilda Toshkent shahriga relokantlar oqimining koʻpayishi hamda yangi oʻquv yili boshlanishi bilan talabalar tomonidan ijaraga boʻlgan talabning oshishi natijasida oʻtgan yilning sentyabr-oktyabr oylarida ijara narxlari sezilarli darajada oshib ketgan edi.

Ijara narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) usulida toʻplangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//