Milliy kutubxona yana 24/7 rejimiga qaytishi kutilmoqda

Saqlash
15:24 / 22.11.2023 1252 0

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasidan kechki vaqtda ham foydalanish maqsadida Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi xarajatlari uchun qoʻshimcha 1,2 mlrd soʻm ajratish koʻzda tutilmoqda.

Bu haqda Qonunchilik palatasining 21-noyabrda boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Sharafiddin Nazarov maʼlum qilgan, deb yozadi “Gazeta.uz”.

20-oktyabrdan Toshkent shahridagi Milliy kutubxona tun-u kun ishlash rejimini toʻxtatgandi. Maʼmuriyatga koʻra, qaror kuz-qish mavsumida elektrni tejash, tunda ishlash uchun qoʻshimcha shtatlar ajratilmagani, shuningdek, foydalanuvchilarni nazorat qilish imkoni cheklangani uchun qabul qilingan.

“Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi sarfini birmuncha iqtisod qilish va kichik xizmat koʻrsatish personalida (farroshlar) mavjud vakant ish oʻrinlarini toʻldirish, kuz-qish mavsumida binodagi garderob faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyati mavjud emasligini eʼtiborga olib, Milliy kutubxona tungi smenada faoliyat olib borishni mavsumiy (vaqtincha) toʻxtatib, foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish vaqtini soat 08:00 dan 21:00 gacha etib belgiladi”, — deyilgandi xabarda.

Amaldagi tartibga koʻra, kutubxona 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00 ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi. Muassasa takliflarga koʻra 2022-yilning 1-noyabridan tun-u kun ishlay boshlagandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//