Oʻzbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etganlarning reyestri yuritiladi

Saqlash
21:58 / 21.11.2023 1360 0

Endilikda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning bolalar bilan ishlashi qatʼiyan man etiladi.

Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi boʻyicha ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunni imzolagan. Tuzatishlar ustida vazirlik va idoralar, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, fuqarolik faollari, jumladan, Nemolchi.uz zoʻravonlikka qarshi kurashuvchi loyiha faollaridan iborat guruh bir yil davomida ishlagan.

Kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim, tarbiya berish, ularni sogʻlomlashtirish, bolalar sporti, ijodiy tashkilotlarda ishlashi taqiqlandi.

Xuddi shu hujjatda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish tartibi ham tasdiqlandi.

Unga ilgari quyidagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar kiritiladi:

18 yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik;

18 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik;

16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik;

voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekistonga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik;

voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik;

terrorizm.

Reyestr maxsus axborot tizimi orqali shakllantiriladi va yuritiladi.
 

“Eng muhim va eʼtiborli tomoni shundaki, reyestrga kiritilgan shaxslarni ishga qabul qilish bilan bogʻliq jarayonlar ushbu axborot tizimidan olingan maʼlumotlar asosida nazorat qilib boriladi”, — dedi Senat rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//