Jamiyat
Toshkent shahrida tez tibbiy yordam chaqiruviga koʻra kelgan xodim bemor ayolga uyatsiz harakatlar qilgani aytilmoqda. Bu haqda jurnalist va bloger Shahnoza Soatova xabar berdi.
Jurnalist unga murojaat qilgan ayol oʻzining tanishi ekani, universitetda dars berishi, kichik yoshdagi oʻgʻli bilan birga yolgʻiz yashashini bildirgan.
“Shu payshanba — 16-noyabrdan 17 ga oʻtar kechasi tobi qochgan, tez yordam chaqirgan. Yolgʻiz oʻzi yosh bolasi bilan yashagani va kechqurun boʻlgani uchun iloji boʻlsa, ayol shifokor soʻragan. Lekin ikki soatda ham ayol shifokor topilmagani uchun tungi soat 00:15 da erkak shifokor bir oʻzi kirib kelgan. Uchta shprisda ukol qilgan. Oxirgisini qilayotgan paytdayoq ayol oʻzini gʻalati his qila boshlagan”, — deb yozadi Soatova.
Murojaatchiga koʻra, oʻsha vaqtning uning boshi aylanib, es-hushi joyida boʻlsa ham, oyoq-qoʻllari boʻshasha boshlagan.
“Tez yordam shifokori ayolning ojizligidan foydalanib, unga nojoʻya qiliqlar qilgan, qoʻli bilan jinsiy zoʻrlagan. Yana koʻproq ishlar qilmoqchi boʻlgan-u, ayol holi boricha qarshilik qilavergach, nihoyat ketgan. Ayol ertasi kechgacha xayoli oʻzida boʻlmagan, kechga borib, nima boʻlganini anglab, bong ura boshlagan. Lekin 102 ga qoʻngʻiroq qilingach, yetib kelgan uchastka noziri yetarli tezkorlik koʻrsatmagan, “ayolga baribir isbotlashingiz qiyin”, deb murojaatidan voz kechishga undagan. Ayol qatʼiyat koʻrsatgach, sudmedekspertizaga yoʻllanma bergan. Bu juma kechqurungi gap”, deb soʻzida davom etadi jurnalist.
Uning qayd etishicha, ayol sud tibbiy ekspertizaga borgan, ish kuni tugab qolgani uchun ishi bitmagan.
“Ertasi shanba ham shu ahvol. Sudmedekspertiza, narkologiyaga borib vaqti zoye ketgan (qiziq, ular haftada 5 kun soat 4 gacha ishlasa, boshqa vaqtlarda qilingan jinoyat izlari dushanbagacha kutiib oʻtiradimi?) “Uchastkovoy” esa hamon “baribir isbotlay olmaysiz” pozitsiyasida, shekilli, yetarli harakat qilmay, aksincha, arizani qaytarib olish haqida gap ochyapti nuqul. Tez yordam qoldirib ketgan shprislardagi modda qoldiqlarini ham hech kim eʼtiborga olmayapti. Portalga qilingan qoʻngʻiroqlar, murojaatlar oxirigacha eshitilmay qoʻyib qoʻyilyapti. Ayol ishonmayapti adolatga, lekin uni topmoqchi, shundan juda jonsarak”, — deb yozadi Shahnoza Soatova.
Jamoatchilik faoli Ichki ishlar vazirligi masʼullari va sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovga murojaat qilib, ulardan bu masalaga eʼtibor qaratishni soʻradi.
“Odamlar jonidan oʻtganidan shifokor chaqirishadi, bilasiz. Tizimdagi oʻn, yuz minglab odamlarning miyasiga kirib chiqish va axloqiga javob berish qiyin boʻlsa ham, bunga majbursiz [SSV rahbariga qarata — tahr.]. Hech boʻlmasa, shunday risklarning oldini olish uchun bemorning uyiga shifokorlaringiz yolgʻiz kirmasligini taʼminlash mumkin-ku. Shifokor chaqirsang yordam soʻrab, u zoʻrlasa. Ichki ishlarga aytsang, u “baribir befoyda” deb oʻtirsa”, — deydi u.
Holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi va Respublika tez tibbiy yordam markazi masʼullaridan rasmiy munosabat soʻralgan.
SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayevga koʻra, vaziyat nazoratga olingan. “Bu ochiq qoladigan masala emas”, — degan u “Gazeta.uz”ga bergan izohida.
Respublika tez tibbiy yordam markazi matbuot kotibi Iroda Mirzabekova esa ish bilan “shaxsan shugʻullanayotganini” bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, chaqiriqqa borgan tez tibbiy yordam feldsheri O.M.ning ish faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Murojaatda bemorga 3 ta ukol qilingani aytilgan holat boʻyicha esa ishchi guruh ekspertiza oʻtkazadi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q