Toshkentda maktab oʻquvchisi is gazidan ogohlantiruvchi qurilma yaratdi

Saqlash
22:36 / 17.11.2023 1856 0

Toshkentda maktab oʻquvchisi is gazidan ogohlantiruvchi qurilma yaratdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” toʻgaragi aʼzosi Ozodbek Hoshimov tomonidan ixtiro qilingan qurilma odamlarni is gazidan saqlab qoladi.

Qurilma agar gaz, olov va tutun yuzaga kelganda uy egalariga xavf haqida ogohlantirish berib, SMS-xabarnoma joʻnatadi.

Bundan tashqari, oʻt oʻchiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya joʻnatilib, gaz xavfi yuzaga kelsa yoki nosoz joylar aniqlansa taʼmirlash korxonalariga ham xabar beriladi.
 

“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mashʼum xabarlarni OAV orqali oʻqib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan oʻy keldi va mana shu ixtironi yaratishimga turtki berdi”, — deydi Ozodbek.
 

 

Uning qayd etishicha, agar mazkur qurilma tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga yordam beradi.

Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf oʻquvchisi boʻlgan Ozodbek uch yildan buyon robototexnika toʻgaragiga qatnashadi hamda toʻgarak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchiligida mazkur qurilmani yaratgan.

Qurilma qanday ishlashi boʻyicha videoni havola orqali koʻrish mumkin. Hozir Ozodbek Hoshimovning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//