Oʻzbekistonda davlat bayrogʻi kuni shukuhi boshlandi

Saqlash
20:50 / 17.11.2023 1768 0

1991-yil 18-noyabr kuni mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining asosiy davlat ramzi — milliy bayroq qabul qilingan. Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi” shioriga asoslangan tadbirlar oʻtkazilmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 195-son majlis bayoniga muvofiq yurtimizning turli nuqtalarida davlat bayrogʻi kuniga bagʻishlab fleshmoblar uyushtirilyapti.

 

Xususan, Namangan muhandislik-qurilish institutida “Hilpirab turar magʻrur Oʻzbekiston bayrogʻi!” shiori ostida oʻziga xos fleshmob oʻtkazildi. Ushbu fleshmob doirasida institut talabalari ulkan davlat bayrogʻini oliy oʻquv yurtiga qoʻlma-qoʻl qilib olib kirdi. 

 

 

Bundan tashqari, davlat bayrogʻi kuni shukuhi Xorazmda ham koʻrindi. Qadimiy Xorazm diyorida mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻi Xorazm suvoriysi qoʻlida hilpiradi.

 

 

Bayram tadbirlari Navoiy viloyatining, Qiziltepa tumanida davom etdi. Bu yerda yuzlab yoshlar, rasmiylar va harbiylar shahar koʻchalari boʻylab “bayroq marshi” uyushtirdi. Ushbu marshda shaxsan ishtirok etgan tuman hokimi yigʻilganlarga davlat bayrogʻiga muhabbat va uning qanchalik muqaddasligi haqida nutq soʻzladi.

 

 

Buxoro viloyatining Qoravulbozor tumanida ham “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!” shiori ostida “Ijodkor va harbiylar uchrashuvi” tashkil etildi. Uchrashuvda ko‘plab fidoyi insonlar va ma’sullar ishtirok etdi.

 

 

Nafaqat hududlar, balki davlat idoralarida ham davlat ramzi kuni munosabati bilan tadbirlar uyushtirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida madaniy-ma’rifiy uchrashuv tashkil qilinib, unda taniqli sportchi Ruslan Nuriddinov ham qatnashdi.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//