Sanitariya va gigiyena qoidalarini buzganlik uchun jarima jazosi oshirildi

Saqlash
17:48 / 16.11.2023 1031 0

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–878-son, 15.11.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, sanitariya qonunchilikni, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzish:

fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha edi);

mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 5 baravaridan 10 baravarigacha edi) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga muvofiq:

qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun asos boʻladi.

Shuningdek, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:

litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda;

litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qoʻpol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan boʻlsa.

Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik subyektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qonunga koʻra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi quyidagi faoliyat turlari boʻyicha litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi:

alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi;

pivo va pivo ichimliklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdo qilish faoliyati.

Tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilish Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish esa joylardagi tuman (shahar) soliq inspeksiyalarini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//