Toshkent bozorlaridagi narx-navo qanday?

Saqlash
17:28 / 16.11.2023 1067 0

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Qoʻyliq” va “Chorsu” dehqon bozorlarida sotilayotgan 28 turdagi meva, sabzavot, guruch mahsulotlari, mol va qoʻy goʻshtining 15-noyabrdagi ulgurji narxlari haqida maʼlumot berdi.

Daryoning eʼtibor qaratishicha, “Qoʻyliq”da bodring mahsulotining minimal narxi 5 baravargacha oshgan. Yaʼni 13-noyabr kuni bir kilo bodring 4 000-9 000 soʻmdan sotilgan boʻlsa, 15-noyabrda bu koʻrsatkich 20 000-25 000 soʻmgacha koʻtarilgan.

Vazirlik narxlarni eʼlon qilishni oktabr oyi oʻrtalarida boshlagan boʻlsa, oradan oʻtgan bir oy davomida “Chorsu”dagi mol va qoʻy goʻshtlarining narxlari oʻzgarmagan. Jumladan, mol goʻshtining kilosi 60 000-70 000 soʻm, qoʻy goʻshti esa 65 000-70 000 soʻmdan sotilmoqda.

Mazkur bozorda Lazer guruchi narxi ham oʻzgarishsiz — kilosi 18 000-25 000 soʻm oraligʻida, noʻxat 18 000-20 000 soʻmdan, qizil loviya 15 000-17 000 soʻm, mosh 10 000-12 000 soʻmdan savdo qilinyapti.

 

“Qoʻyliq”da kartoshkaning bir kilosi narxi 1 700-4 000 soʻm, piyoz 1 200-2 000, sabzi 1 000-2 000 soʻmdan sotilmoqda.

Sabzavotlardan pomidorning kilosi 5 000 soʻmdan 25 ming soʻmgacha, bulgʻor qalampiri 2 000-4 000 soʻm, baqlajon 1 800-2 000 soʻm.

Mevalardan uzum eng yuqori narxlarda sotilmoqda. Ushbu mevaning ulgurji hisobda eng minimal narxda 25 000 soʻmdan, yuqori narxda esa 90 000 soʻmdan xarid qilish mumkin. Bananning kilosi 18-23 ming soʻm, olma 4 000-18 000 soʻm, nok 19 000-40 000 soʻm (narxi oʻzgarmagan). Anor 7 000-35 000 soʻmdan, limon 10 000-30 000 soʻmdan sotilyapti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//