Siyosat
Yoshlar ishlari agentligi binosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
“Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shioriga asoslangan tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 195-son majlis bayoniga muvofiq yurtimizning turli nuqtalarida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Brifingga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Abror Qilichev moderatorlik qildi. Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 18-noyabr kuni 16.00 da poytaxtimizning “Xalqlar do‘stligi” maydonida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va tegishli vazirliklar hamkorligida asosiy bayram tantanalari o‘tkaziladi. Unda davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, sportchilar, harbiylar, Milliy gvardiya otliq qismlari, faol yoshlar, OAV vakillari va keng aholi ishtirok etadi.
Tadbir davomida shuningdek, bir guruh ziyolilar, ma’rifat targ‘ibotchilari “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
Tadbiroldi brifingda bir qancha mutaxassislar davlat bayrog‘i mavzusidagi ma’ruzalari, mulohazalari, she’r va qo‘shiqlari bilan ishtirok etdilar.
Xususan, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova milliy ramzimizni “butun olam tortishish qonuni”ga qiyosladi va uning fikriga ko‘ra, “bayrog‘imiz ta’siri bilan Vatanimiz dunyo e’tiborini tortmoqda.”
Yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Barotov “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot bergan bo‘lsa, siyosiy fanlari nomzodi, dotsent Davron Muitov davlat ramzining siyosiy ahamiyati xususida fikr bildirdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minovaning tashbehiga ko‘ra, bayroq osmonni tutib turguvchi ustundir:
“Osmon bizning boshlarga yiqilmaydi, yoronlar,
Osmonni ushlab turar, O‘zbekiston bayrog‘i!”
Dotsent To‘lqin Eshbek ham milliy bayrog‘imizga lirik ta’rif berdi va “Vatanni ona desak bayroq uning ro‘moli, Vatanni ota desak, bayroq uning belbog‘i” mazmunidagi fikrni o‘rtaga tashladi.
Brifing xonandalar Umid Shahobov hamda Faxriddin Xolnazarovning vatanparvarlik mavzusidagi qo‘shiqlari bilan yakunlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan quyidagi manzillarda ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan:
16-noyabr
11.00 – Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida (Yakkasaroy tumani, “Shohjahon” MFY).
17-noyabr
11.30 – Temurbeklar maktabida (Mirobod tumani, “Furqat” MFY).
18-noyabr
10.00 – “Beruniy maydoni”da (Olmazor tumani);
10.00 – “SQB oldi maydoni”da (Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi);
10.00 – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi);
10.00 – Suvsoz dahasi aylanma yo‘l maydonida (Bektemir tumani, “Mirishkor” MFY);
11.00 – Lutfiy sayilgohida (Uchtepa tumani, Lutfiy ko‘chasi);
11.00 – Yangi Umid amfiteatrida (Yangihayot tumani, “Yangi umid” MFY);
11.00 – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida (Shayxontohur tumani, “O‘rda” MFY);
14.00 – Toshkent davlat yuridik universitetida (Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasi).
Shuningdek, butun yurtimiz bo‘ylab yuzga yaqin markaziy maydon va sayilgohlarda “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!” shiori ostida tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q