“Mening birinchi uyim” dasturi Zangiota tumanidan boshlanadi

Saqlash
20:45 / 14.11.2023 1321 1

“Mening birinchi uyim” dasturining birinchi bosqichi tajriba-sinov tariqasida Zangiota tumani “Turkiston” MFYda amalga oshiriladi. Bu borada Prezidentning tegishli qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Bunda dastur doirasida amalga oshiriladigan qurilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Mening birinchi uyim” dasturini amalga oshirish direksiyasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha, Dastur doirasida:

koʻp kvartirali uy-joylar, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish hamda qurish ishlarini tashkil etish Direksiya tomonidan amalga oshiriladi;

koʻp kvartirali uy-joylar, yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish va qurish ishlarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlari tender savdolari asosida aniqlanadi.

Dastur doirasida quriladigan uy-joylar aholiga imtiyozli va bozor shartlarda realizatsiya qilinadi;

 

imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yil davomida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan oilalarga, 15 foiz miqdorda boshlangʻich toʻlov asosida 20 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash shartlarida realizatsiya qilinadi;

uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga imtiyozli uy-joylar boʻyicha boshlangʻich toʻlovining bir qismini qoplash uchun – qatʼiy belgilangan 32 million soʻm miqdorida, oylik toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun – besh yil davomida har oylik qatʼiy belgilangan 1 million soʻm miqdorida Davlat budjeti hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

Maʼlumot uchun, mazkur dastur Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Turkiyaning TOKI davlat kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

1 Izoh

Ilxom

21:11 / 14.11.2023

Kimlarga amal qiladi va qanday xujjatlar bilan qayerga murojaat qilishimiz kerak.

Izoh qoldirish

//