Tadbirkorlarga ishsiz xotin-qizlarni ish bilan taʼminlaganlik uchun davlat granti ajratiladi

Saqlash
15:09 / 14.11.2023 1326 0

Tadbirkorlik subyektlariga ishsiz xotin-qizlarni ish bilan taʼminlaganlik uchun davlat granti ajratiladi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, salomatligini mustahkamlash hamda ularni kasbga oʻqitish faoliyati bilan bogʻliq bitta ijtimoiy loyiha doirasida 20 nafargacha xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyektlariga har 1 nafar bandligi taʼminlanadigan ishsiz xotin-qiz uchun 3 million soʻmdan oshmagan miqdorda Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan navbatdagi davlat granti ajratilishini eʼlon qilinadi.

Shu munosabat bilan mahallalarda markazlar faoliyati uchun navbatdagi davlat grantini olish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari 2023-yil 25-noyabrga qadar tegishli mahalla fuqarolar yigʻinlariga loyiha takliflarini va hujjatlarini taqdim etishi mumkin.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari orqali taqdim etilgan loyihalar 28-noyabrgacha tuman-shahar ishchi guruhlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga muvofiq koʻrib chiqiladi.

30-noyabrga qadar hududiy boshqarmalar tomonidan Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga davlat granti ajratilishi soʻralgan buyurtmanoma yuboriladi.

Loyihalar 15-dekabrga qadar Respublika komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi. Komissiya qaroriga koʻra 2023-yil 20-dekabrga qadar Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan navbatdagi davlat granti ajratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//