Bir yomgʻirga chidamadi – Toshkentda hali qurib boʻlinmagan “dom”ning tagi ochilib qoldi

Saqlash
19:52 / 13.11.2023 1381 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida qurilayotgan koʻp qavatli uyning tuproq qismi yomgʻirdan soʻng choʻkib, tag qismi ochilib qolgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu holat Shayxontohur tumani Gulobod koʻchasi 234-uy manzilida qurilayotgan koʻp qavatli uyda yuzaga kelgan. Mazkur turar joy majmuasi “Roaf Art House” MCHJ tomonidan bunyod etilmoqda.

“Ayni paytda mazkur obyektda qurilish-montaj ishlari toʻliq yakunlanmagan. Bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi ham rasmiylashtirilmagan. Binoning otmostka qismidagi qurilish-montaj ishlari toʻliq yakunlanmagani bois, yomgʻir oqova suvlari binoning poydevor qismini himoya qilib turuvchi zichlashtirilgan tuproq ichiga tushgan va shu sababli ayrim joylarida otmostkaning choʻkish holatlari yuzaga kelgan. Hozirda ushbu kamchiliklar quruvchi tashkilot tomonidan bartaraf etilmoqda”, deyiladi vazirlik bildirgan munosabatda.

 

Shuningdek, hozirda hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari mazkur qurilish obyektida qurilish-montaj ishlari sifati ustidan nazorat ishlarini olib borayotgani qoʻshimcha qilindi.

Mazkur obyekt Toshkent shahar hokimining 2019-yil 23-avgustdagi 1164-sonli qaroriga asosan “Roaf Art House” MCHJga koʻp qavatli turar joy kompleksini qurish uchun maydoni 0.45 gektarli yer uchastkasi boʻyicha zaxiralash hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilgan. Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2019-yil 16-sentyabrda arxitektura rejalashtirish topshirigʻi ishlab chiqilgan hamda 2020-yil 2-iyulda eskiz loyihasi tayyorlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//