Buxorodagi “Masjidi Kalon”ga plastik va alyuminiy romlar oʻrnatilganiga munosabat bildirildi

Saqlash
17:43 / 13.11.2023 1536 0

Buxorodagi “Masjidi Kalon”ga plastik va alyuminiy romlar oʻrnatilgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keng muhokamalarga sabab boʻldi.

Madaniy meros agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga koʻra, “Masjidi Kalon” Musulmonlar idorasining Buxoro viloyati vakilligiga masjid sifatida foydalanish uchun topshirilgan. Plastik va alyumin romlar 2016-yilda namozxonlarga qulayliklar yaratish maqsadida masjid maʼmuriyati tomonidan oʻrnatilgan.

Hukumat tomonidan tasdiqlangan “Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va taʼmirlash-tiklash boʻyicha 2023-yilgi Manzilli dastur”ga asosan “Masjidi Kalon”ni ham restavratsiya qilish, taʼmirlash-tiklash va obodonlashtirish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy-ekspert kengashi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan maʼqullangan.

Hozirda mazkur loyiha asosida masjidni restavratsiya qilishning 1-bosqichi doirasida tom qismini taʼmirlash hamda konstruktiv jihatdan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Loyihaga koʻra, masjiddagi plastik va alyuminiy romlarni binoning arxitekturasiga mos keladigan anʼanaviy yogʻoch romlarga almashtiriladi. Mazkur ishlar taʼmirlashning 2-bosqichida amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, agentlik obyektga kirish pullik ekaniga ham izoh berib oʻtar ekan, kirish biletlarini sotishdan tushgan mablagʻlar obyektni saqlash va joriy taʼmirlash ishlariga sarflanishini maʼlum qildi.
 

“Haqiqatan ham masjidga mahalliy va xorijiy sayohatchilar uchun kirish pullik boʻlib, namozxonlar va ziyoratchilar uchun alohida kirish joylari mavjud boʻlib ulardan yigʻim undirilmaydi”, — deyiladi izohda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//