Iqtisod
10-noyabr kuni prezident mikroqarzlarning eng yuqori miqdorini 100 mln soʻmgacha oshirishni nazarda tutuvchi “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining oʻrni va ulushini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi.
Qarorga koʻra, 2024−2026-yillarda mikromoliyalash bozori hajmini kamida 5 barobarga oshirish va mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 milliondan ortiq tadbirkorlarni qamrab olish reja qilinmoqda.
Bundan tashqari, mikromoliya tashkilotlari resurs bazasida jismoniy shaxslardan jalb qilinadigan mablagʻlar miqdorini 2 barobarga oshirish hamda mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish orqali rasmiy daromadga ega boʻlmagan 500 mingga yaqin shaxsni oʻzini oʻzi band qilish va biznesni rivojlantirishga koʻmaklashish koʻzda tutilgan.
2024-yil 1-yanvardan esa mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln soʻmdan 100 mln soʻmgacha oshiriladi.
Shuningdek:
Nobank kredit tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi.
Mikromoliya tashkilotlariga norezidentlardan xorijiy valyutada qarz mablagʻlarini jalb qilish hamda yuridik shaxslarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar koʻrsatishga ruxsat beriladi.
Jismoniy shaxs boʻlgan ishtirokchilardan ustav fondiga kiritilgan hissa summasining yoki ularning egaligidagi aksiyalar nominal qiymatining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda qarz mablagʻlarini jalb etishga ruxsat beriladi.
Mikromoliya tashkilotlari tegishli litsenziya olgan holda toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan esa nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi ulushga egalik qilish uchun Markaziy bank dastlabki ruxsatnomasini olish talabi qonunchilikda belgilangan 10 foizlik ulushni 20 foizga oshirish orqali yumshatiladi. Bunda olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha boʻlganda Markaziy bankni xabardor qilish kerak boʻladi.
Hujjat bilan, shuningdek, tijorat banklariga mikromoliya tashkilotlariga kredit ajratishda ularning koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlari boʻyicha talab qilib olish huquqini garovga olish huquqi beriladi.
2024-yil 1-aprelgacha mikromoliya xizmatlari sohasiga ixtisoslashgan yangi mikromoliya tashkiloti tashkil etiladi. 2024-yil 1-yanvargacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar koʻrsatishning normativ-huquqiy bazasi ishlab chiqiladi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q