Oʻzbekistonda xususiy sektorda ishlovchi ayollarga ajratiladigan homiladorlik puli miqdori 3 barobarga qisqaradi

Saqlash
14:19 / 13.11.2023 1261 0

Oʻzbekistonda 2024-yilda hukumat xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik va tugʻish nafaqalari miqdorini uch baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kelasi yilgi davlat budjeti loyihasida maʼlum qilindi.

2023-yilgi davlat budjetidan xususiy sektordagi homilador ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqalari uchun 300,7 milliard soʻm ajratilgan. 2024-yilda esa bu koʻrsatkich 100 milliard soʻmgacha kamayadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyevning aytishicha, moliyachilar buni mablagʻlarning past darajada oʻzlashtirilishi bilan izohlagan. Jumladan, 2023-yilda rejalashtirilgan 300,7 milliard soʻmning atigi 50 milliard soʻmi oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shu bois kelgusi yil uchun prognoz 100 milliard soʻmga tushirilgan.

“Menimcha, bu yerda nega pul oʻzlashtirish kamligini oʻrganish kerak. Taxminimcha, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarning katta qismi mehnat shartnomasisiz ishlaydi. Keyin byurokratiya. Pulni olish uchun korxona buxgalteri topshirishi kerak boʻlgan hujjatlar bor, erinib, shuni qilmasa kerak”, — deb yozdi deputat ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 1-sentabrdan Oʻzbekistonda xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat tomonidan homiladorlik va tugʻruq nafaqalari toʻlanishi boshlangan. Toʻlov minimal isteʼmol xarajatlarining 4 baravari miqdori (2,27 million soʻm)ni tashkil etadi. Oʻshanda bu maqsadlar uchun, budjetdan 2022-yilda 200 milliard soʻm, 2023-yilda esa 1,7 trillion soʻm yoʻnaltirilishi aytilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//