Madaniyat vazirligi sanʼatkorlarga uy-joy olishda subsidiya toʻlanishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Saqlash
16:02 / 10.11.2023 2302 0

Madaniyat vazirligi “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun madaniyat va sanʼat xodimlariga subsidiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinishiga munosabat bildirdi.

Munosabatda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat olib borayotgan professor-oʻqituvchi va xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda ularning yashash sharoitlarini yaxshilash “2022–2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da belgilangani qayd etilgan.

Bundan tashqari, prezidentning tegishli qarori bilan, mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda isteʼdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq uy-joy qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya berilishi belgilab qoʻyilgani eslatib oʻtilgan.

Vazirlik munosabatida xalqaro miqyosdagi koʻrik-tanlovlar va festivallarda yuqori oʻrinlarni egallab, Vatan nomini ulugʻlashga hamda madaniyat va sanʼat sohasi rivojiga katta hissa qoʻshayotgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining aksariyati uzoq yillardan buyon oilaviy yotoqxonalarda yashayotgani urgʻulangan.
 

“Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda toʻy-hasham, tugʻilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat koʻrsatish, qoʻshimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular oʻz kasbiga mehr qoʻyib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda”, deyiladi bildirilgan munosabatda.
 

 

Vazirlik ushbu qaror loyihasiga “madaniyat va sanʼat sohasi vakillari shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish yoki yolgʻon, sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish kabi huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymagan holda qonunchilik hujjatlari yuzasidan asoslangan taklif va mulohazalar bildirishni soʻradi.

Maʼlumot uchun, hozirda madaniyat va sanʼat sohasida 36 mingdan ortiq xodimlar faoliyat olib boradi. Ulardan 850 nafardan ziyodi oliy taʼlim tizimida, 2500 nafari oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tizimida, 12 ming nafardan ortiq oʻqituvchilar bolalar musiqa va sanat maktablarida, 9 ming nafardan koʻproq murabbiylar madaniyat markazlarida, 6 ming nafardan ortiq ijodkorlar teatr va sirk sohasida, 2 900 nafardan ortiq sanʼatkor va ijodkorlar konsert-tomosha sohasida mehnat qilib kelmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//