Shavkat Mirziyoyev IHT tadbirlari doirasida Ibrohim Raisiy bilan uchrashuv oʻtkazdi

Saqlash
15:02 / 09.11.2023 2024 0

Poytaxtimizda oʻtayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida 9-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Prezident matbuot xizmati eʼlon qilgan xabarga koʻra, Oʻzbekiston-Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzaro muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

Ikki tomonlama savdoda oʻsish surʼati saqlanib qolmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda.

Ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni toʻliq roʻyobga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish, qishloq xoʻjaligi, logistikada oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Eron rahbarlari madaniy-gumanitar va ilm-fan sohasidagi almashinuvlarni rivojlantirish muhimligini koʻrsatib oʻtdilar.

Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afgʻonistondagi bugungi vaziyat nuqtai nazaridan koʻrib chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//