Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!

Saqlash
02:47 / 09.11.2023 2825 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan joriy yilning 10-noyabr kuni Respublikamiz boʻylab “Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida “Maʼnaviyat marafoni” oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Shu munosabat bilan bugun, 8-noyabr kuni Toshkent muzeyida brifing oʻtkazildi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo brifingni ochar ekan, yoshlarni chuqur bilimli, yuksak salohiyatli, mehnatsevar, halol va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash bugungi globallashuv hamda texnika asrida har doimgidan-da dolzarb boʻlib borayotganini alohida taʼkidladi. Dunyoning turli mintaqalarida avj olayotgan toʻqnashuvlarga voqea-hodisalarning ayanchli oqibatlarini anglab yetmayotgan yoshlarning jalb etilayotgani, ularning boshi berk koʻchaga olib kirilayotgani, turli mafkuraviy tahdidlar orqali kurashga chorlayotgan virtual maydonlar kengayib borayotgani ayni internet zamonida yoshlar tarbiyasi bilan shugʻullanish har qachongidan ham dolzarbroq ekanligini koʻrsatayotir.

 

 

 

Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqan “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, falsafa fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Jamila Shermuhamedova, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, falsafa fanlari doktori, professor Qiyom Nazarov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gulbahor Erqulova va boshqalar ayni kunda bolalar va yoshlar taʼlim-tarbiyasidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida fikr yuritar ekan, bunda avvalo yoshlar maʼrifatiga eʼtibor qaratishdi. Ilmli, keng dunyoqarashli barkamol yoshlarni tarbiyalash, mamlakatda kitobxonlikni keng yoyish borasida salmoqli ishlar qilinayotgani eʼtirof etildi.


 

 

 

Brifing ishtirokchilari bunday marafonlar shunchaki koʻngilochar tadbir boʻlib qolmay, balki yoshlarning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-mafkuraviy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

 

“Аssalomu alaykum”, “Men odobning oʻgʻliman”, “Fazilatli avlod”, “Hayo – qiz bolaning ziynati”, “Or-nomus – yigitning koʻrki”, “Kitob – mening eng yaqin doʻstim”, “Odamiylik mulki”, “Аlpomishlar oʻtgan bu diyor!”, “Vatanim bayrogʻini baland koʻtaraman”, “Milliy qadriyatlar” kabi oʻndan ortiq yirik loyihalar doirasida oʻtkaziladigan ellikdan ziyod tadbirlar markaziy va mahalliy telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar orqali uzluksiz yoritib boriladi.

Marafon yoshlarimiz qalbida milliy yuksalishga chorlovchi milliy gʻururni shakllantirish, vatanparvarlik tuygʻusini yanada kuchaytirish, urf-odatlarimiz, anʼana va qadriyatlarimizga boʻlgan cheksiz hurmatni yanada mustahkamlashdan iboratdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//