Oʻzbekiston aholisi oʻrtacha necha yil yashayotgani maʼlum qilindi

Saqlash
20:58 / 06.11.2023 1402 0

Mamlakatda oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 74,3 yoshni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumotlariga tayanib, Daryo nashri xabar bermoqda.

2023-yil 1-oktabrda Oʻzbekistondagi doimiy aholi soni 36,6 million kishiga yetdi. Shundan 18 million 423 ming nafari erkaklar, 18 million 177 ming nafari ayollardir.

Joriy yil boshida respublika aholisining tugʻilishda kutilayotgan oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 74,3 yoshni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkich erkaklar uchun 72,1 yosh, ayollar uchun 76,6 yoshga toʻgʻri kelgan. Shu bilan birga, oʻrtacha umr koʻrish davri shahar joylarda 74,8 yosh, qishloq joylarda 73,6 yoshni tashkil etmoqda.

“2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 65 va undan yuqori yoshdagi aholi salmogʻi 5,4 foiz. Bu koʻrsatkich xalqaro mezonlar boʻyicha Oʻzbekiston aholisi “demografik keksayish boʻsagʻasida”gi mamlakatlar qatoriga kirishini anglatadi”, — deyiladi agentlik axborotida.

Keksayish koeffitsiyenti – BMT demograflari tomonidan keksayish jarayonini baholash maqsadida ishlab chiqilgan uch bosqichli mezon. Unga koʻra, 65 va undan yuqori yoshdagi aholi ulushi 4 foizdan kam boʻlsa – demografik yosh, 4–7 foiz boʻlsa – keksayish boʻsagʻasida, 7 foizdan oshsa, hudud aholisi demografik keksa hisoblanadi.

Joriy yil 1-oktabr holatiga koʻra, respublika doimiy aholisi sonining 32 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 56,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 11,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni Mehnat kodeksiga muvofiq 16 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan erkaklar va 16 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan ayollardan tashkil topadi. 16 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 60 yosh va undan katta erkaklar hamda 55 yosh va undan katta ayollar mehnatga layoqatli yoshdan kattalar toifalariga ajratiladi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda yanvar–sentyabr oylarida 716 ming 885 nafar bola tugʻilgan. Ushbu davrda respublikada vafot etganlar soni 129 ming 664 kishini tashkil etgan. Toʻqqiz oy ichida aholi soni 587 ming 221 kishiga tabiiy oʻsgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//