Jamiyat
Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston 2024-yil oʻrtalariga qadar gaz yetkazib berish va tranzit boʻyicha hamkorlik sohasidagi majburiyatlarni belgilashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida “Gazprom” kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller maʼlum qildi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.
“Biz Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻizistondagi hamkasblarimiz bilan hamkorlik gorizontini belgilab oldik — 15 yil… Joriy forumimiz maydonchasida boʻlib oʻtgan yoki boʻlib oʻtadigan uchrashuvlar, muzokaralar 2024-yilning oʻrtalariga qadar Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston bilan 15 yilga moʻljallangan hamkorlikning qonuniy kuchga ega boʻlgan shartnomaviy asoslarini yaratish maqsadida memorandumlar imzolashdan iborat”, — dedi u.
Millerning soʻzlariga koʻra, “Gazprom” Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston bilan barcha mumkin boʻlgan sohalar, jumladan, neft sanoati va gazni qayta ishlash boʻyicha hamkorlik doirasini kengaytirmoqda.
Kompaniya “Markaziy Osiyo — Markaz” (MOM) magistral gaz quvuri tizimidan tashqari Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi boshqa gaz quvurlari tizimlaridan, shuningdek, ushbu mamlakatlarga gaz yetkazib berishda ham tranzit uchun ham yangi yoʻnalishlardan foydalanishga tayyor.
U Rossiyadan Oʻzbekistonga teskari MOM orqali gaz yetkazib berish boshlanganini eslatib, “gap Rossiya gazini yetkazib berishni yanada kengaytirish, Qozogʻistonda gaz quvurlari tizimi orqali gaz tashish quvvatlarini kengaytirish haqida ketayotganini” taʼkidladi.
“Ammo shuni taʼkidlashni istardimki, bu nafaqat tranzit salohiyatiga taalluqli, balki biz oʻzbekistonlik hamkorlarimiz bilan tranzit salohiyati haqida ham gapiryapmiz, bu toʻgʻridan toʻgʻri Rossiya gazini ushbu mamlakatlar isteʼmolchilariga yetkazib berishga ham taalluqlidir”, — dedi Miller.
“Rossiya va Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston uchun ham dolzarb boʻlgan bir qancha mavzular, xususan, gazlashtirish masalasi koʻtarildi. Va endi biz oʻzimizga savol beramiz: ushbu mamlakatlarda gazlashtirishning bir qismi sifatida hamkorlik qila olamizmi? 2014-yildan buyon Qirgʻizistonda mavjud boʻlgan bu imkoniyatlar Oʻzbekistonga qoʻshimcha hajmda yetkazib berishni anglatadi, lekin Qozogʻiston bilan ham juda uzoq chegaramiz bor. MOM tizimi esa gaz tashish koridorlaridan faqat bittasi. Shuningdek, Buxoro-Ural gaz quvuri ham bor, u ham Oʻzbekiston hududiga boradi”, — dedi “Gazprom” rahbari.
Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovning aytishicha, mamlakat Rossiya bilan gaz yetkazib berish boʻyicha uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Uning aniqlik kiritishicha, Oʻzbekiston tomoni “Gazprom” va Qozogʻiston mutaxassislari bilan gaz boʻyicha hamkorlikni davom ettirish ishlarini olib bormoqda.
“Ikki yarim oy — qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi, ammo taʼminotni yanada oshirish uchun biz yanada koʻproq ishlashimiz kerak. Shuning uchun bu yoʻnalishda uzoq muddatli hamkorlikka eʼtibor qaratmoqdamiz”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Oʻzbekiston 7-oktabrdan kuz-qish mavsumida respublikadagi “moviy yoqilgʻi” taqchilligining bir qismini qoplash uchun Rossiyadan Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga gaz yetkazishni boshladi. Ikki yillik shartnoma yiliga 2,8 mlrd kub metr gaz yetkazishni nazarda tutadi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q