Xorazmda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini zoʻrlagan mansabdorlar 3 yilga qamaldi

Saqlash
17:33 / 03.11.2023 2285 0

Bugun, 3-noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada boʻlgan ikki sobiq amaldorga nisbatan sud hukmi oʻqildi, deb xabar berdi Oliy sud axborot xizmati.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha apellyatsiya instansiyasining hukmi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Xiva tuman sudining 2022-yil 6-sentabrdagi hukmining A. M. va A. Q. ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A. M. va A. Q. Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasi (oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qoʻllanilgan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, A. M. va A. Q. sud zalidan qamoqqa olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//