2024-yilda ish haqi, pensiya va stipendiyalar miqdori oshirilishi rejalashtirilmoqda

Saqlash
14:46 / 03.11.2023 2512 0

2024-yilda Oʻzbekiston davlat byudjetining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar, shuningdek, ayrim xizmatlar boʻyicha tariflarni oshirish bilan bogʻliq xarajatlari 9,55 trln soʻmni tashkil etadi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan eʼlon qilingan 2024−2026-yillarga moʻljallangan byudjetnomada nazarda tutilgan.

Joriy yilda ish haqi va pensiyalarni oshirishga 3,8 trln soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgandi, lekin ularni indeksatsiya qilish uchun qoʻshimcha 2,6 trln soʻm (jami — 6,4 trln soʻm) yoʻnaltirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, ish haqini 1 foizga qoʻshimcha oshirish uchun yiliga qariyb 1,3 trln soʻm, pensiyalarni 1 foizga oshirish uchun esa yiliga 600 mlrd soʻm mablagʻ talab etiladi.

Hujjatga koʻra, agar 2024-yil oxirigacha inflyatsiya darajasi ish haqi va pensiyalar oʻsishi darajasidan oshsa, 2025-yil yanvaridan boshlab ish haqi va pensiyalarni shu foizlar darajasida oshirish orqali kompensatsiya qilish tartibi joriy etiladi.

Ish haqi uchun davlat byudjetidan qancha mablagʻ ajratiladi?

Kelgusi yilda mazkur toʻlovlar boʻyicha davlat byudjetining jami xarajatlari 20,5 foizga yoki 26,94 trln soʻmga — 130,6 trln soʻmdan 157,57 trln soʻmgacha oshishi kutilmoqda. Bu davlat byudjeti barcha xarajatlarining 50 foizdan ortigʻini tashkil etadi.

Pensiya toʻlash xarajatlari 9,28 trln soʻmga (+17,2 foiz) — 63,13 trln soʻmgacha oshadi.

Kelgusi yilda xarajatlarning oshishi 2023-yilda ish haqi va pensiyalarning oshishi hamda 2024-yilda kutilayotgan indeksatsiya, byudjet tashkilotlari xodimlari sonining oʻzgarishi va boshqa omillar bilan bogʻliq.

davlat byudjeti-2023, ish haqi, pensiya, stipendiya

Xabar berishlaricha, joriy yilda ish haqi va pensiyalarni indeksatsiya qilish uchun qoʻshimcha 2,6 trln soʻm ajratilgan.

Eslatib oʻtamiz, 1-apreldan oʻrtacha 7 foizga pensiya va nafaqalar, 1-maydan esa byudjet sohasi xodimlarining maoshlari oshdi.

1-sentyabrdan ish haqi, pensiya va nafaqalarni yana 10 foizga oshirish (qoʻshimcha 5,6 trillion soʻm ajratish) rejalashtirilgandi, biroq byudjetning katta taqchilligi fonida bu qaror keyinga qoldirildi.

Shu bilan birga, Markaziy bank yil oxirigacha inflyatsiya 8,5−9,5 foiz oraligʻida boʻlishini prognoz qilmoqda (xorijiy institutlar bundan yuqoriroq koʻrsatkichni qayd etilishini kutmoqda).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//