Jamiyat
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 1-noyabr kuni isteʼdodli shoir Abdumajid Azimning turli yillarda yozilgan sheʼrlari hamda tarjimalari jamlangan “Qiyom pallasi”, “Mangu yoʻlovchi”, “Oʻzbeklarim” va “Qora quyosh” deb nomlangan toʻrt jildlik kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda atoqli shoir va yozuvchilar, universitet professor-oʻqituvchilari hamda bir guruh talabalar ishtirok etdi.
Surxon zaminida tugʻilib oʻsgan shoir bu yil qutlugʻ 65 yoshni qarshilayapti. Abdumajid Azim oʻzining sheʼriy kitoblari, jahon adabiyotidan tarjimalari hamda qator publitsistik maqolalari bilan milliy adabiyotimizga salmoqli hissa qoʻshgan ijodkorlardan biri hisoblanadi.
Anjumanda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Abdumajid Azimning oʻzbek adabiyotidek ulkan maydonda oʻz soʻzini ayta olgan ijodkorligini eʼtirof etdi. “Sirtdan vazmin va bosiq feʼlli shoirning ichki tugʻyonlari shiddatli, tuygʻulari tiniq va ravon, u baralla kuylaydi”, dedi u.
Taniqli olim va adib Olim Toshboyev shoir sheʼrlarini atroflicha tahlil qilib berarkan, ijodkor tafakkurining naqadar teran va rang-barangligi, u koʻplab tarixiy mavzularda ham zukkolik bilan ijod qilganiga misollar keltirib oʻtishi anjuman qatnashchilarini hayajonga solib qoʻydi. U oʻz soʻzida: “Sokin daryodek bagʻri keng ijodkorning qalbidan vulqondek otilib chiqqan ezgulik tuygʻulari, har bir qalbga oshna ichki kechinmalari kitobda oʻz aksini topgan. Bu asl sheʼriyat oʻzbek adabiyotiga katta bir ulush boʻlib qoʻshilishi shubhasiz”, deya alohida urgʻu berdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid, isteʼdodli shoir Rustam Musurmon, adabiyotshunos olimlar Bahodir Karimov, Olim Toʻlaboyevlar taqdimoti boʻlayotgan toʻrt jildlik kitoblarga kirgan sheʼrlar tahliliga toʻxtalib oʻtarkanlar, ulardan keltirilgan misollar talaba yoshlarni befarq qoldirmadi.
Tadbir nihoyasida Abdumajid Azim oʻz sheʼrlaridan namunalar oʻqib berdi. Salmoqli umrini ijodga bagʻishlagan shoirning dard-u iztiroblari, orzu-umidlari, donishmandona hikmatlari mujassam boʻlgan har bitta sheʼrni anjuman ishtirokchilari oʻzgacha bir kayfiyatda masrur boʻlib tinglashdi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q