Oʻzbekiston va Fransiya oʻzaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga kelishib oldi

Saqlash
17:13 / 02.11.2023 2277 0

Samarqand shahridagi Kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi Fransiya Prezidentining Oʻzbekistonga oxirgi 30 yildagi ilk tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.

Emmanuel Makron davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelish taklifi hamda Fransiya delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Fransiya rahbari Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Yetakchilar Fransiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar hamda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga kelishib oldilar.

Keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlari barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

Tovar ayirboshlash va qoʻshma korxonalar soni karrasiga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan oshdi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

“Yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xoʻjaligi, suv taʼminoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Fransiya Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini, shuningdek, mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekani taʼkidlandi.

Siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Oʻzbekistonda fransuz tilini oʻrganishga qiziqish ortib borayotgani aytildi. Shu munosabat bilan tomonlar Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishini olqishladilar.

Toshkent shahrida Oʻzbekiston-Fransiya oliy taʼlim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili oʻqituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//