Pensiyaga chiqish yanada osonlashtiriladi

Saqlash
21:59 / 01.11.2023 3760 0

Oʻzbekistonda 2025-yil 1-martdan boshlab 60 yoshga yetgan erkaklarga va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar, shu kunning oʻzida biror-bir turdagi hujjat talab etmagan holda tayinlanadi.

Bu prezidentning 2023-yil 31-oktabrdagi “Aholiga pensiya tayinlash boʻyicha koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan.

Bunda, shaxsga oid maʼlumotlar (fuqaroning yoshi, jinsi), ish staji, ish haqi (toʻlangan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush oʻrtogʻi va farzandlari) Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining elektron bazalaridan olinadi. Natijada esa fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qoʻshimcha hujjatlar yigʻish hamda oʻzi istiqomat qiluvchi Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.

Pensiya yoshiga yetgan fuqaroga shu kunning oʻzida pensiya avtomatik tarzda tayinlangandan soʻng, fuqaroning mobil aloqa vositasiga maʼlumot yuboriladi.

Qarorga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan:

fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qoʻshimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda;

fuqarolarga pensiya tayinlanganidan soʻng AT “Xalq banki”da jamgʻargan pensiya pulini olish uchun Pensiya jamgʻarmasidan qogʻoz shaklidagi sertifikat berish tartibi bekor qilinmoqda.

Bunda, fuqaro “Xalq banki”da mehnat faoliyati davomida har oylik ajratmalari asosida jamgʻargan mablagʻlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki bankning mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratilmoqda.

Pensiya yoshiga yetgan, ammo pensiyaga chiqmasdan ish faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan yoki pensiya miqdoridan norozi boʻlgan fuqarolarga avtomatik tayinlangan pensiyani toʻxtatish huquqi berilmoqda.

Qonunchilikka muvofiq pensiya miqdoridan norozi boʻlgan fuqarolarga, pensiya miqdoriga taʼsir etuvchi qoʻshimcha hujjatlarni istalgan vaqtda taqdim etish huquqi berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//