Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi

Saqlash
17:33 / 01.11.2023 1312 0

Prezident tomonidan imzolangan qonun (OʻRQ–874-son, 31.10.2023-y.) bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra:

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish:

BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming soʻmdan 9 mln 900 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni ragʻbatlantirish:

BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming soʻmdan 9 mln 900 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini toʻsgan holda boʻlish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming soʻmdan 4 mln 950 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tibbiy koʻrsatmaga asosan yoki yoʻl-transport harakatida xavfsizlikni taʼminlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda yoxud mehnat va xizmat faoliyati bilan bogʻliq hollarda yuzini toʻsgan holda boʻlish yoki sport va madaniy tadbirlarni oʻtkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini toʻsgan holda boʻlishi, shuningdek qonunchilikda toʻgʻridan toʻgʻri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini toʻsgan holda boʻlish bundan mustasno.

Jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) ragʻbatlantirish:

BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 300 ming soʻmdan 6 mln 600 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//